Qozog‘istonda noodatiy yangi bayram nishonlanadi
Olam
−
20 aprel 5694 2 daqiqa
Qozog‘istonda endilikda har yili 3 sentyabr kuni “Qozoq tozi va to‘bet itlari kuni” rasmiy bayram sifatida nishonlanadi. Bu haqda joriy yilning 15 aprel kuni qabul qilingan Qozog‘iston Respublikasi Hukumatining 278-sonli qarorida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatdagi bayram sanalari ro‘yxati yangi band bilan to‘ldirilib, mazkur sana alohida bayram sifatida belgilangan.
Ushbu tashabbus milliy boylik hisoblangan tozi va to‘bet itlarining zotlarini asrash hamda ularni ko‘paytirishga qaratilgan siyosatning davomi hisoblanadi. 2022 yilda Prezident tomonidan itlarning ushbu zotlarini himoya qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shundan so‘ng, ularni saqlash va rivojlantirishga oid qonun qabul qilinib, amaliy choralar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan.
Keyingi yillarda mutaxassislar bu zotli itlarning soni kamayib borayotganini ta’kidlab, ularni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish zarurligini qayd etgan. 2024 yilda tozi zoti xalqaro miqyosda rasman e’tirof etilgan. Shundan so‘ng, uning qanday zot ekani, qanday belgilar bilan aniqlanishi va baholanishi Qozog‘iston ishlab chiqqan standartlar asosida belgilanadigan bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, tozi zoti qadimiy ovchi itlardan biri bo‘lib, uning izlari ming yillik tarixga ega qoyatosh rasmlarida ham uchraydi. Ko‘chmanchi xalqlar hayotida u tezligi va ovchilik qobiliyati bilan qadrlangan. To‘bet esa, yirik qo‘riqchi it bo‘lib, asrlar davomida chorvani bo‘rilardan himoya qilib kelgan. U o‘zining kuchi va sodiqligi bilan ajralib turgan.
Bugungi kunda bu ikki noyob zot yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Bunga boshqa zotlar bilan aralashib ketish va an’anaviy foydalanishning kamayishi sabab bo‘lmoqda. Shu bois, Qozog‘istonda ularni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha maxsus ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga Axaltekin zotli ot va turkman itini sovg‘a qilgandi.
Live
Barchasi