Qozog‘istonda qurolli ekstremistik guruh qo‘lga olindi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida diniy adovat qo‘zg‘atish va ekstremistik materiallar tarqatishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligining ekstremizmga qarshi kurash bo‘linmasi xodimlari Milliy xavfsizlik qo‘mitasi bilan hamkorlikda Maqtaaral tumani aholisi orasidan shakllangan diniy radikallar guruhining faoliyatiga chek qo‘ygan.

“Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchilar radikal diniy e’tiqod asosida guruhga birlashgani aniqlandi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda boshqa konfessiya vakillarining qadr-qimmatini kamsituvchi va diniy his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi chiqishlar joylashtirib kelgan. O‘z e’tiqodlarini asoslash uchun ilgari sud tomonidan ekstremistik deb topilgan audio va videomateriallarni aholiga tarqatishgan”, deyiladi IIV bayonotida.

Sud qaroriga ko‘ra, guruh yetakchilari hibsga olingan.

“Gumonlanuvchilarning yashash va ish joylarida o‘tkazilgan tintuvlar chog‘ida 20 dan ortiq diniy adabiyot, narkotik moddalar, noqonuniy saqlangan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar hamda boshqa moddiy dalillar topilib, musodara qilindi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Bildirilishicha, hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda amaldorlar, maxsus xizmatlar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi teraktlar sodir etishni rejalashtirgan terrorchilik tuzilmasining 30 nafar a’zosi qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston ekstremistik guruh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing