Qozog‘istonda ayrim ayollarning ish soatini qisqartirish taklifi berildi
Olam
−
20 noyabr 2025 1306 2 daqiqa
Qozog‘istonda deputatlar bolalar, kasallar yoki keksa qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilayotgan ayollarning ish haftasini qisqartirishni taklif qildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Deputatlar tegishli so‘rovni mamlakat Bosh vazir Oljas Bektenovga yubordi. Tashabbusni ilgari surgan deputat Ajar Sagandikovaning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ayollar o‘rtacha 480 daqiqani ishga, yana 246 daqiqasini uy yumushlari va yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilishga sarflaydi.
“Rasmiy ravishda teng mehnat huquqlariga qaramay, ayollar har kuni to‘lanadigan ish, bola tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or yumushlari, keksalar va kasal qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilish bilan shug‘ullanadi”, deydi Sagandikova.
Deputatning ta’kidlashicha, uyda bolalar, qariyalar va bemorlarga deyarla barcha g‘amxo‘rlik ishlari ayollar zimmasiga tushadi va bu kuniga jami 13 soat mehnatni tashkil etadi.
“Bu surunkali charchoq, hissiy charchash, hayot sifatining pasayishi va sog‘liq uchun xavflarning oshishiga olib keladi. 15 foizga yetadigan gender maoshidagi farq qo‘shimcha iqtisodiy zaiflikni keltirib chiqaradi”, dedi u.
Deputat og‘ir kasal qarindoshlari yoki alohida ehtiyojli bolalariga g‘amxo‘rlik qilayotgan ayollar kuniga olti soatga yaqin vaqt sarflashini ta’kidladi.
“Bunday oilalarda parvarishlash miqdori kuniga olti soatni tashkil etadi, ya’ni uchinchi “ish kuni”dir, bu mehnat qonunchiligida nazarda tutilmagan va hech qanday maxsus kafolatlar berilmagan”, deydi u.
Parlament a’zosiga ko‘ra, amaldagi qonunchilik kafolatlari bolalar va qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilayotgan ayollarni alohida qo‘llab-quvvatlashga muhtoj guruh sifatida belgilamaydi, ish vaqti qisqartirilsa, ish haqi ham kamayadi.
Deputat mehnat va bolalar yoki bemor qarindoshlarini parvarishlash bilan shug‘ullanuvchi ayollarga ish haqi va ijtimoiy nafaqalar saqlanib qolgan holda, qisqartirilgan ish haftasi huquqini Mehnat kodeksida mustahkamlab qo‘yishni taklif qildi.
Og‘ir kasallar yoki alohida ehtiyojli bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotganlar uchun daromadlarni kamaytirmasdan yoki huquqlarini yo‘qotmasdan maoshini berishni taklif qilmoqda. Ya’ni bunda ular korxonadagi vazifasini tugatishi bilanoq uyiga ketishi, ishda ortiqcha vaqtini sarflamasligiga imkoniyatni nazarda tutadi.
“Moslashuvchan ish jadvallarining standart namunalarini, bunday ayollarning masofaviy yoki aralash ish bilan ta’minlashda ustuvor huquqini, ish vaqtini qisqartirish huquqidan foydalanishda kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish zarur”, dedi Sagandikova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellekt (SI) sohasini tartibga solish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qabul qilingan normalar, xususan, dipfeyklarni yaratganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Live
Barchasi