Qozog‘istonda 9 may kunida yurish o‘tkazish taqiqlandi

Olam

image

Qozog‘istonning bir qancha shaharlarida 9 may kuni “Abadiy polk” aksiyasini o‘tkazish rasman taqiqlandi. Bu haqda “Ertenmedia.kz” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatning Olmaota, Pavlodar va Petropavlovsk hokimliklari Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan sovet askarlari xotirasiga yurishlar o‘tkazish to‘g‘risidagi so‘rovni qanoatlantirmagan.

Xususan, aholisi asosan rusiyzabon bo‘lgan Pavlodar va Petropavlovskda mahalliy hokimiyat organlari xotira tadbirlarini onlayn formatga o‘tkazishni taklif qilgan. Ya’ni, shaharlardagi LED ekranlarda urush faxriylari tasvirlarini namoyish etish rejalashtirilgan.

Mahalliy hokimliklar ruxsat etilmagan namoyishlar noqonuniy yig‘ilish deb tan olinishi va unda qatnashganlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, “Abadiy polk” – dastlab Rossiyada paydo bo‘lgan jamoat tashabbusi sanaladi. Uning ishtirokchilar 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida qatnashgan qarindoshlarining portretlarini ko‘tarib ko‘chalarga chiqishadi.

So‘nggi yillarda bu harakat Rossiya rasmiylari tomonidan keng targ‘ib qilinib, targ‘ibot ramziga aylandi.

Bu yil Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “Abadiy polk” paradini o‘tkazish rejalashtirilmagan. Biroq, rasmiy darajada 9 may kuni G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bir qator tantanali tadbirlar o‘tkaziladi.

Qozog‘iston hukumatiga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda 120 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi qolgan. Ular orasidagi eng yoshi 96 yoshda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tojikistonlik harbiylar Rossiyaning Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etishi haqida xabar berilgan edi. Tojikistondan tashqari, Qirg‘iziston ham o‘z harbiylarining paradda ishtirok etishini tasdiqlagan. Qirg‘izistondan 80 nafar askar Moskvadagi paradga borishi belgilangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Abadiy polk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing