Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berishi mumkin
Jamiyat
−
08:35 1222 2 daqiqa
Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu haqda Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tayotgan REC 2026 forumi doirasida mamlakat Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tajriba almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslanadi.
“Bu omillar amaliy masalalarni hal qilishga yordam beradi. Biz hamkorlarimiz bilan nafaqat energetika sohasida, balki iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarida faol ishlayapmiz”, degan vazir.
U O‘zbekiston bilan bir qator yirik loyihalar, jumladan neft-kimyo va qayta ishlash sohalaridagi tashabbuslar muhokama qilinayotganini ta’kidlagan.
“Yaqinda Prezidentning O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi, unda ko‘plab tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Ular orasida neft-kimyo sanoatini rivojlantirish va neftni qayta ishlash hajmini kengaytirish ham bor”, degan vazir.
Shuningdek, energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish, jumladan tranzit va resurslar yetkazib berish masalalari ham muhokama qilinmoqda.
“Biz Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish, shuningdek Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha yaqindan ishlayapmiz. Bundan tashqari, Qozog‘iston mahsulotlarini, xususan xom neft va neft mahsulotlarini O‘zbekistonga yetkazib berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqyapmiz”, degan Yerlan Akkenjenov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim loyihalar allaqachon amaliy bosqichga o‘tgan.
“Ko‘plab loyihalar hozir amaliyotga joriy etilish bosqichida. Umuman olganda, o‘zbek hamkorlar bilan juda yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”, deya ta’kidlagan vazir.
Ma’lumot uchun, Ostonada o‘tayotgan REC 2026 davomida iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilinmoqda.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel