Qozog‘iston tankerlarga qilingan hujumlardan xavotirda – TIV
Olam
−
14 yanvar 4831 2 daqiqa
Avvalroq Qozog‘iston neftini tashuvchi ikkita tanker Qora dengizda hujumga uchragani va hodisalar Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) dengiz terminali yaqinida sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodislarga munosabat bildirib, dron orqali qilingan hujumlardan jiddiy xavotirda ekanini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu hodisa ortidan mamlakat rasmiylari bir qator Yevropa mamlakatlari elchilari bilan favqulodda uchrashuvlar o‘tkazgan, shuningdek, AQSH va boshqa xorijiy hamkorlar bilan bog‘langan. Muloqotda uglevodorodlarni, jumladan, dengiz yo‘llari orqali tashishni xavfsiz ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rish zarurligi aytilgan.
Idoraga ko‘ra, Qozog‘iston har qanday qurolli mojaroning tarafdori emas. Mamlakat global va Yevropa energiya xavfsizligini mustahkamlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda va energiya resurslarini yetkazib berishni uzluksiz ta’minlamoqda. Mazkur tankerlarda esa barcha zarur ruxsatnomalar mavjud bo‘lgan va ular talab qilinadigan identifikatsiya uskunalari bilan jihozlangan.
Vazirlik, shuningdek, hodisalar sonining ortishi xalqaro energetika infratuzilmasi faoliyati uchun xavfli ekanini bildirgan.
“Hodisalar sonining ko‘payishi xalqaro energetika infratuzilmasining faoliyati uchun xavf-xatarlarning ortayotganini ko‘rsatadi. Hamkorlarni kelajakda shunday hodisalarni oldini olish bo‘yicha qo‘shma choralarni ishlab chiqishga yaqin hamkorlik qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, kecha, 13 yanvar kuni Qozog‘iston neftini tashuvchi ikkita tanker Qora dengizda hujumga uchragan. Birinchi hodisada Malta bayrog‘i ostidagi Matilda tankeri hujumga uchragan. Ekipaj orasida hech kim jabrlanmagan va g‘avvos qismi yoki boshqa qismlar shikastlanmagan. Kema KazMunayGas milliy kompaniyasining shu’ba korxonasi tomonidan ijaraga olingan.
Bundan tashqari, Liberiya bayrog‘i ostidagi Delta Harmony tankeri ham ham dron hujumiga uchragan. Hodisa oqibatida yong‘in chiqqan, ammo tezda o‘chirilgan. Ekipaj orasida hech kim jarohat olmagan. Ikkala kema ham bo‘sh bo‘lgan, shuning uchun Qozog‘iston eksport resurslariga zarar yetmagan.
Live
Barchasi