Qozog‘iston mart oyida raketa uchiradi
Olam
−
24 fevral 5988 2 daqiqa
Joriy yilning mart oyida Qozog‘iston va Rossiya hamkorlikda “Bayterek” loyihasi doirasida fazoga kosmik raketa uchiradi. Bu haqda loyiha boshqaruvchisi, kosmonavt Oydin Aimbetov “Sputnik” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, Rossiya raketa tashuvchisini ishlab chiqaradi, Qozog‘iston esa uning uchirish maydonchasini tayyorlaydi. Birinchi sinov parvozi 2026 yil mart oyiga rejalashtirilgan.
“Qozog‘iston va Rossiya 2028 yilga qadar “Soyuz 5/Sunkar” raketasini yiliga bir marta uchiradi, shundan so‘ng loyiha tijorat bosqichiga o‘tadi. Keyingi parvozlar soni buyurtmalarga bog‘liq bo‘ladi, hozirda ushbu xizmat bozorga talabga ega”, deydi Oydin Aimbetov.
Kosmonavtning aytishicha, “Bayterek” loyihasi yakuniy bosqichga yetgan. “Soyuz 5/Sunkar” tashuvchi raketa allaqachon “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromida bo‘lib, hozirda avtonom sinovlar o‘tkazilmoqda.
“Uchish dastlab 2025 yilning dekabr oxiriga belgilangan edi, ammo biz shoshilmay, yana o‘lchovlar va avtonom sinovlarni o‘tkazishga qaror qildik. Eng muhimi – uchishni amalga oshirish. Menimcha, “Sunkar” parvozi birinchi chorak oxirida amalga oshadi”, degan Aimbetov.
Kosmonavt, shuningdek, loyiha Qozog‘istonga nimalar berishini ta’kidlagan.
“Qozog‘iston kosmik davlat sifatida to‘liq siklga kiradi – kosmik apparatlar yaratishdan tortib, ularni uchirish xizmatlarini ko‘rsatishga qadar. “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromida “Bayterek” uchirish xizmatlarini taqdim etadi va Qozog‘iston kosmik apparatlarni mustaqil ravishda uchiradigan davlatlar qatoriga kiradi. Bu nafaqat tashqi siyosat, balki yangi texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish masalasi hamdir. Qozog‘iston kosmosga erkin chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi u.
Shuningdek, u kosmik loyihalar qimmat ekanini va ularda bir nechta davlatlar ishtirok etishi kerakligini ta’kidlagan.
“Hozir Qozog‘iston bir nechta xalqaro loyihalarda qatnashmoqda, masalan, Xalqaro kosmik stansiya – bu 17 davlat ishtirokidagi loyiha. Qozog‘iston kelajakda kosmik makonni o‘rganishda munosib o‘rnini egallaydi”, deydi Aimbetov.
Ma’lumot uchun, Oydin Aimbetov – Qozog‘istonning kosmosga chiqqan uchinchi kosmonavti. U 2015 yil sentyabrda “Soyuz TMA-18M” kosmik kemasida bort muhandisi sifatida parvoz qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ilk bor o‘zining sun’iy yo‘ldoshi va fazogirini kosmosga uchirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.