Qozog‘iston atrofida ham xavf bormi? Prezident mavjud tahdidlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Olam
−
02 mart 2022 12478 1 daqiqa
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti – Oliy Bosh qo‘mondon Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xavfsizlikka mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda Qurolli Kuchlar tuzilmasi va tarkibini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 2 mart kuni Mudofaa vazirligida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida armiyani yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Qosim-Jomart To‘qayev mudofaa vazirligi rahbariyatiga harbiy xavfsizlikka mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda Qurolli Kuchlar tuzilmasi va tarkibini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan. Prezident harbiy qo‘mondonlik va boshqaruv tizimini zamonaviy raqamli yondashuvlar orqali takomillashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Uchrashuvda Qozog‘iston armiyasini qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning zamonaviy va yuqori texnologiyali namunalari bilan qayta jihozlash masalalari muhokama qilingan. Mudofaa vazirligiga qo‘shinlardan foydalanishning yangi usullarini joriy etgan holda jangovar tayyorgarlik dasturini qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.
Prezident harbiy xizmatchilarning ijtimoiy mavqeini oshirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish, yoshlarni harbiy xizmatga rag‘batlantirish zarurligini ta’kidlagan.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Oliy Bosh Qo‘mondon Qurolli Kuchlar davlat manfaatlari va har bir fuqaro xavfsizligini himoya qilishi zarurligini aytgan.