Qoidalar faqat oddiy odamlar uchunmi yoxud PPX xodimiga shahar bedarvozami?
Jamiyat
−
01 iyun 2019
9023Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan keskin muhokamalarga sabab bo‘layotgan, Ichki ishlar vazirligi xodimlariga aloqador video tarqaldi.
Videodagi holat bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan, qattiq bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq. Yo‘ldagi haydovchi va uning sherigi shu bo‘yicha ichki ishlar yo‘l patrul post xizmati xodimlariga qarashli avtoulovni suratga olgan. Ular chirqolarni yoqib yurish faqatgina oddiy xalqqa majburiy ekani va yo‘l patrul xodimi mashinasing chiroqlarini yoqmagani tanqid qilingan. Shu orada haydovchi va xodimlar o‘rtasida suhbat ham bo‘lgan.
Haydovchi: Komandir, faralarni yoqib olaylik
PPX xodimi: O‘zingiz yoqib olavering
Haydovchi: Nima, sizga yoqish mumkin emasmi?
PPX xodimi: Menga mumkin emas. Nima deysan? Ol, chekkaga!
Haydovchi: Nega olaman?
PPX xodimi: Ol!
PPX xodimi talabi bilan haydovchi mashinasini to‘xtatgan. Ichki ishlar xodimi kelib haydovchi tomonidan berilgan savollarga: “Sening nima ishing bor. Sen “GAI” xodimimisan. Senga emas qonunni nazorat qilish. Seni ham, meni ham to‘xtatadigan ichki ishlar xodimi bor. Bo‘ldimi? Menga mumkin emas. Sog‘ bo‘l!”, deb javob qaytargan. Shundan so‘ng tomonlar xayrlashgan.
Bu videoni ko‘rgan odamda tabiiy bir savol tug‘iladi. Qonun-qoidalar faqat oddiy odamlar uchunmi? Ichki ishlar xodimi uchun o‘zi amal qilmaydigan qoidalarni boshqalardan talab qilishi to‘g‘rimi? Ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘layotgan yangicha, zamonaviy, jahon standartlariga javob berib, O‘zbekistonga yetib kelgan talabga nega ichki ishlar xodimi amal qilmayapti? Yana bir jihat, qonunga amal qilishni eslatgani uchun PPX xodimining do‘q urishi qaysi tartib-qoidalarga mos keladi?
Bu savollarning javobini mutasaddi tashkilotlardan kutib qolamiz.
LiveBarchasi