AQSH urushdan qochyapti
Tahlil
−
11 mart 23863 7 daqiqa
AQSH-Eron-Isroil urushi tez orada tugashi mumkin. Tramp urushni to‘xtatishni istayapti, Eron esa urushni AQSHni xohishiga ko‘ra emas, balki Eron davlatining ixtiyoriga ko‘ra tugatilishini ma’lum qildi. Shuningdek, uchala davlatning urushdan ko‘rgan talafotlari, AQSH prezidentining nimadan qo‘rquvga tushgani haqida yaqin daqiqalar ichida batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.
AQSH urushni tugatishni istayapti
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush rejalashtirilgan muddatdan tezroq kechayotgani va deyarli yakunlanish arafasida ekanini bildirdi. Bu haqda u CBS telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi. AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, harbiy harakatlar rejalashtirilgan grafikdan ancha oldinga o‘tib ketgan. Eronning na floti, na aloqasi, na harbiy-havo kuchlari qolmagan, raketalar esa juda kam miqdorda.
Shuningdek, Tramp Florida shtatida ham Respublikachilar partiyasi tadbirida chiqish qilib, Eronga qarshi urushda g‘alaba yaqin ekanini yana bir bor ta’kidladi. Uning aytishicha, urush “juda tez orada tugaydi”. U bu harakatni “qisqa muddatli operatsiya” deb atab, uni yovuzlikdan xalos bo‘lish uchun amalga oshirilganini bildirdi.
Tahlilchilar AQSHning urushni tugatishga shaylanib qolganini, “Buyuk Amerika”ning nomukammal rejasi ish bermagani bilan baholamoqda. Dunyo bozorida neftning narxi keskin oshib ketgani ham AQSHni bir oz xavotirga solgan bo‘lishi mumkin. Chunki neft qimmatlashsa, benzin, transport, logistika, aviachiptalar hamda tovarlar narxlari oshadi. Shu tufayli mamlakatda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi mumkin.
Bu esa aholining noroziligiga, hatto Trampga nisbatan impichment e’lon qilinishi ham mumkin. Donald Tramp AQSH tarixida ikki marta impichment qilingan birinchi prezident hisoblanadi. Ammo Senat uni lavozimdan chetlatmagan. Agar uchinchi bor bu chora qo‘llanilsa, Tramp lavozimidan chetlatilishi mumkin. Shu boisdan ham Tramp bu urushni tezroq yakunlash payiga tushib qoldi.
Shu sababli, AQSH Isroildan Eronning energetika, ayniqsa neft infratuzilmasi ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatishni so‘radi. Ushbu o‘n kunlik urush davrida Vashington tomonidan birinchi chekinish bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, Tramp Eron neft ob’ektlariga zarba berishni oxirgi chora sifatida ko‘rmoqda. Bu variant faqat Eron avval Fors ko‘rfazi davlatlaridagi neft infratuzilmasiga hujum qilgan taqdirda qo‘llanishi mumkin.
Amerika Eronni va uning “qora boyliklarini” xuddi Venesulla kabi oson qo‘lga kiritamiz deb o‘ylagandi. Ularning rejasiga ko‘ra, Oliy rahnamo yo‘q qilingan taqdirda, avvaldan yanvar oyidagi namoyishlar orqali “ongi obdon zaharlangan” eronliklardan foydalanib, Islom rejimiga barham berish va uning o‘rniga “qo‘g‘irchoq” sifatida talqin qilinayotgan Rizo Pahlaviyni hokimiyatga olib kelish rejalashtirilgandi. Biroq, Oyatulloh Ali Homanaiyning o‘limi butun Eronni parchalamadi, aksincha bir kuch qilib yana birlashtirdi. AQSH va Isroil esa eronliklarning g‘azab va nafratiga uchradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, vaziyat kutilgandek ish bermadi.
Eron neft tanqisligini yuzaga keltirdi
Ma’lumki, Hormuz bo‘g‘ozi muhim neft tashish yo‘lagi hisoblanadi. Eron bu bo‘g‘ozni yopib qo‘ydi, oqibatda neft narxi osmonga chiqdi. Hatto, 1 barrel neft 120 dollargacha ko‘tarildi. Bu esa Yevropa va boshqa davlatlarda AQSH va Isroilga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otdi. Bu holatni ko‘rgan hamda Yaqin Sharqda hukmronlikni qo‘lga ololmayotgan AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishni to‘sishda davom etsa, mamlakatga nisbatan yanada kuchli zarbalar berilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron Hormuz bo‘g‘ozida neft oqimini to‘sishga qaratilgan har qanday harakatni amalga oshirsa, AQSH Eronga hozirgacha berilgan zarbalardan yigirma barobar kuchliroq zarba beradi.
Tramp, shuningdek, AQSH oson yo‘q qilinadigan ob’ektlarning ham yo‘q qilishini, bu esa Eronning davlat sifatida tiklanishini deyarli imkonsiz qilib qo‘yishini aytdi. U “o‘lim, olov va g‘azab” Eron ustiga tushishini aytdi. Biroq, bunday holat yuz bermasligiga umid qilishini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi. AQSH Prezidentining aytishicha, uning bu bayonoti Xitoy va Hormuz bo‘g‘ozidan faol foydalanadigan boshqa davlatlar uchun “Amerikadan sovg‘a” hisoblanadi.
O‘z navbatida, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili general Sardar Nainiy AQSH va uning ittifoqchilariga mintaqadan bir litr ham neft olib chiqishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft va gaz narxlarini pasaytirish hamda ularni nazorat qilishga qaratilgan barcha urinishlar vaqtinchalik va samarasiz bo‘ladi.
Nainiy shuningdek, jang maydonida tashabbus Eron qo‘lida ekanini va urush qachon tugashini AQSH emas, balki Tehronning o‘zi hal qilishini ta’kidladi. U AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy infratuzilmasining katta qismi yo‘q qilinganini, jumladan mintaqadagi deyarli o‘nta zamonaviy radar tizimi hamda qimmat dronlar Eron havo mudofaasi tomonidan yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Urush Oq uyga qimmatga tushdi
Vashington bu operatsiyadagi asosiy harbiy kuchlardan biri. AQSH va Isroil aviatsiyasi Eronning harbiy infratuzilmasi, raketa komplekslari va strategik ob’ektlariga ketma-ket zarbalar berdi. Bir qarashda Amerika armiyasi uchun yo‘qotishlar katta emasdek ko‘rinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 8 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi. Biroq, Eron bu zarbalarni javobsiz qoldirmadi. Tehron mintaqadagi AQSH harbiy bazalariga raketalar yo‘lladi. Qatar, Bahrayn, Quvayt, Saudiya Arabistoni va BAAdagi bazalar hujum nishoniga aylandi.
Oq uy bu zarbalar katta zarar keltirmaganini aytmoqda. Ammo, faktlar boshqa narsani ko‘rsatmoqda. 7 mart kuni “The New York Times” nashrining xabar berishicha, Eronga qarshi harbiy kampaniyaning birinchi haftasi AQSHga taxminan 6 milliard dollarga tushgan. Bu hali urushning boshlanishi, xolos. Shu bilan birga, Respublikachilar partiyasi vakillari Prezident Donald Tramp ma’muriyati urush uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rashini kutayotganini ma’lum qildi. Ular Eron bir necha zarbalarga qaramay omon qolishiga, AQSH va Isroil esa tez orada harbiy harakatlarni davom ettirishga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotishiga ishonmoqda.
Amerikalik qo‘mondonlarning fikricha, yaqin bir necha kun ichida Eron bundan keyin ham sezilarli darajada javob raketa zarbalarini bera oladi. Bu esa barcha uchun hal qiluvchi palla bo‘ladi. Vashingtonda Eron bu urushni cho‘zishidan xavotirlarini sezdirib qo‘ydi.
Urushni boshlab, qanday tugatishni bilmay qolgan AQSH va Isroilga qarata eronlik mulozimlar Islom Respublikasi urushni raqib uchun haddan tashqari qimmatga tushirish strategiyasini tanlaganini bildirdi. Ushbu strategiya shartli ravishda “Telba” (Madman) operatsiyasi deb nomlangan. Eron bu urushni tez yakunlashni emas, balki uni cho‘zishni maqsad qilmoqda. Bunda Tehron oddiy strategiyadan foydalanmoqda, ya’ni raqibni frontda emas, charchoq va xarajat bilan yengish.
Isroilning temir qalqoni raketalarni to‘sib qololmadi
Isroil bu urushdagi eng faol ishtirokchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Eronning ko‘plab harbiy ob’ektlariga berilgan zarbalar aynan Isroil aviatsiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq, bu urush Isroil uchun ham xavfsiz masofada kechmayapti.
Eron yuzlab ballistik raketalar va mingga yaqin dronlar bilan javob berdi. Bu hujumlar Beyt-Shemesh shahri, Ierusalim atrofi va janubiy Isroilga qaratildi. Mashhur “Iron Dome” tizimi ko‘plab raketalarni havoda yo‘q qildi. Ammo barchasini emas. Isroilning temir qalqoni ham hamma raketalar oqimini to‘sib qololmayapti. Bu esa bir narsani ko‘rsatadi, Isroil hududi ham endi urushdan mutlaqo himoyalangan emas. Isroilda hujumlar oqibatida, kamida 11 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Bir nechta harbiylar ham qurbon bo‘lgani aytilmoqda.
Eng ko‘p eronliklar halok bo‘ldi
Bu mojaroda eng katta yo‘qotishlar Eron tomoniga to‘g‘ri kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki haftalarda 1200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar yaralangan. Qurbonlar orasida ko‘plab tinch aholi bor.
Eng dahshatli hujumlardan biri 28 fevral kuni Minob shahrida sodir bo‘ldi. Qizlar maktabiga qilingan zarba natijasida yuzdan ortiq o‘quvchi qizaloqlar halok bo‘lgandi. Donald Tramp, balki yana bir bor Nobelning “Tinchlik mukofoti”ga o‘z nomzodini qo‘yar, lekin uning tarix daftarida endi pedofil Epshteyn bilan bog‘liq fayllar va halok bo‘lgan minglab eronliklarning xotimasi haqida yozilgan sahifalar bor.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi