Qizil chiziq bosildi: Eron havo hududini, Isroil esa maktablarini yopdi
Olam
−
08 iyun 12474 2 daqiqa
Yaqin Sharqda keskinlik keskin darajada oshgani sabab Eron o‘zining havo hududini to‘liq yopdi, Isroil esa xavfsizlik vaziyati yomonlashgani sababli butun mamlakat bo‘ylab maktablarda darslarni bekor qildi. Bu haqda “Saberin News” xabar berdi.
Eron fuqaro aviatsiyasi tashkiloti mamlakat havo hududi barcha fuqaro reyslari uchun to‘liq yopilganini ma’lum qilgan. Bu qaror ehtimoliy harbiy tahdidlar va yuqori tayyorgarlik holati fonida qabul qilingan.
Shu bilan bir vaqtda Isroil armiyasi mamlakat shimolida raketa uchirilgani haqida xabar bergan va barcha snaryadlar havo mudofaa tizimi tomonidan tutilganini bildirgan. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Isroil rasmiylari yaqin soatlarda vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini, shuning uchun butun mamlakat bo‘ylab o‘quv muassasalari – bolalar bog‘chalari, maktablar va yozgi ta’lim dasturlari to‘liq to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu kamdan-kam uchraydigan keng ko‘lamli chora bo‘lib, xavfsizlik xavfi yuqoriligini ko‘rsatadi.
Eron esa Isroil hududiga raketa zarbalari berganini tasdiqlab, buni “so‘nggi ogohlantirish” deb atagan. Eron parlamenti va xavfsizlik kengashi vakillari Isroilning Livanga qarshi harakatlarini keskin tanqid qilib, har qanday yangi hujum yanada kuchli javob bilan qaytarilishini bildirgan.
Hududdagi bir qator mamlakatlarda yuqori darajadagi xavotir e’lon qilingan, aviakompaniyalar esa parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirmoqda. Mutaxassislar vaziyat tez o‘zgarayotganini va yangi cheklovlar joriy etilishi mumkinligini ogohlantirmoqda.
Yaqin Sharqdagi bu yangi keskinlik Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi o‘zaro zarbalar almashinuvi fonida boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchixonasi fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgandi.
Live
Barchasi