Qishloq xo‘jaligi yerlari endi 49 yilga ijaraga berilishi mumkin
Jamiyat
−
23 iyul 6200 2 daqiqa
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish muddati 49 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda parlamentning tegishli qonun loyihasida so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha, 22 iyulda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tizimlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Mazkur hujjat bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish muddatini amaldagi 30 yildan 49 yilga uzaytirish taklif etilmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga berishning eng ko‘p muddati esa 49 yil etib belgilanmoqda.
Chet el fuqarolari va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga qishloq xo‘jaligi yerlaridan ikkilamchi ijara huquqi asosida foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, noqishloq yerlar ijarasiga oid qoidalar soddalashtirilib, yerlarni auksion orqali ijaraga olishga va ushbu yerni qayta ijaraga berishga ruxsat berilmoqda. Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joylar joylashgan yer uchastkasi ijara huquqi asosida berilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimotida mazkur soha doirasidagi bir qancha yangi tartib loyihalari ko‘rib chiqilgandi. Xususan, taqdimot yig‘ilishida ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etilgandi.