Qishda “svet” o‘chmasmish, “svet” o‘chsa, qishmasmish

Tahlil

−

Reklama
0:00

O‘zbekistonning yozi jaziramali, qishi ayozli o‘tadi. Shu sabab mamlakatda elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar so‘nggi yillarda mavsum tanlamay qo‘ydi. Oldinda bo‘lsa navbatdagi qishki isitish mavsumi yaqinlashmoqda. 

Ortga qarasak, o‘zbekistonliklar bu yil yozni elektr ta’minotidagi uzilishlar, jazirama issiq va konditsionerlardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar fonida o‘tkazdi. Ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi avariyalar sabab aholi va tadbirkorlar soatlab elektr energiyasisiz qoldi. Endi esa oldinda boshqa sinov – qishki isitish mavsumi turibdi. 

Hukumat qishga tayyorgarlik ko‘rish, energetika tizimini barqarorlashtirish va tariflar oshishining aholiga ta’sirini yumshatish choralarini belgilamoqda. Ammo ajratilayotgan mablag‘lar, yangi tariflar va ijtimoiy yordam mexanizmlari aholi uchun amalda qanday natija beradi? Shu masalalar yuzasidan O‘zbekistonda energiya tariflarini isloh qilish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Unda isitish va issiq suv tariflarini oshirish, suyultirilgan gaz narxini qayta ko‘rib chiqish hamda isitish mavsumida aholiga beriladigan imtiyoz va kompensatsiyalar masalalari muhokama qilindi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihalariga ko‘ra, 2026 yilning 1 noyabridan boshlab markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini o‘rtacha 30 foizga oshirish taklif etilmoqda. 

Shuningdek, maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi narxini 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga ko‘tarish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga taqdim etilgan javoblarda aytilishicha, aksariyat hududlarda issiqlik ta’minoti tariflari uzoq vaqt davomida qayta ko‘rib chiqilmagan. 2020–2023 yillarda deyarli barcha hududlarda tariflar o‘zgarmagan, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida esa aholi uchun tariflar oxirgi marta 2024 yilda tasdiqlangan. 

Shu bilan birga, tariflar oshishi sharoitida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘zda tutilmoqda. Xususan, noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya oluvchilar doirasini kengaytirish taklif etilgan. 

Xo‘sh, endi savol tug‘iladi: ta’riflar oshishi ortidan tushgan qo‘shimcha mablag‘lar qayerga ketadi? Davlat byudjetigami yoki boshqa bir tashkilotga?

“Misol uchun, hisob-kitoblarga ko‘ra, issiqlik ta’minotiga keladigan o‘sha qo‘shimcha mablag‘ issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, ularning yo‘qotishlarini kamaytirish uchun tegishli xizmatlarni amalga oshirishga sarflanadi. Biz mana 30 yilgacha bo‘lgan davrda kogeneratsiya bilan issiqlik ta’minotini ishlab chiqarishini bilasiz, buning tannarxi past hisoblanadi. Buning dasturini qilib, qaysi holatda tannarxni pasaytirgan holda issiqlik xizmat ko‘rsatish yoki issiqlik ishlab chiqarishga erishish mumkin. Qo‘shimcha mablag‘lar shu kabi dasturlarga yo‘naltiriladi, ya’ni korxonaning o‘zining xarajatlariga yo‘naltiriladi”, deyildi.

Ammo, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27 iyul kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi muammolar sohaga kam pul ajratilganida emas, balki tizimning o‘zida ekanligini aytgandi.

“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!”, degan Prezident

Bundan tashqari, tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy iste’mol me’yorini 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshirish rejalashtirilgan. Bu esa mazkur hududlarda yashovchi aholi uchun elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. 

Shuningdek, anjumanda 2027 yildan boshlab muqobil energiya tizimiga o‘tish haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘zi bu galgi narxlar oshirilishigacha ham 2026-yilgi 1-iyunidan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘rtacha 9,9 foizga ko‘tarilgandi. Xo‘sh, shu paytgacha aholi tomonidan amalga oshirilgan to‘lov tahlillari qanday? Shu savol bilan mutasaddilarga yuzlandik.

Mutasaddilarning javoblariga ko‘ra, aholi to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmagan, qarzdorlik holatlari ham aniqlanmagan. Ular kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan. Natijada, jamoatchilikda mas’uliyatli fuqaro immuniteti hosil bo‘lgan.

Anjumanda bu yil issiqlik ta’minoti qachondan boshlab ishga tushirilishi va qachon o‘chirilishi ham aytildi. Qayd etish joizki, yuqorida keltirilgan o‘zgarishlar hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihalarida nazarda tutilgan. Ularning yakuniy shakli va kuchga kirish muddatlari tegishli hujjatlar qabul qilinishi bilan belgilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing