Qirg‘izistonda IIV xodimlarining suratlaridan foydalangan firibgar qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonda reklama bannerlariga ichki ishlar idoralari rahbarlarining suratlarini qo‘yib, ularni internetda tarqatgan shaxs ushlandi. Bu haqda mamlakatning Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bunday reklamalarda IIV Kiberxavfsizlik bo‘limi go‘yoki brokerlardan jabr ko‘rganlarga bir necha kun ichida pullarini qaytarishga yordam berayotgani yozilgan.

“Bunday harakatlar fuqarolarni chalg‘itishga qaratilgan firibgarlik sxemalarining bir qismidir. Ichki ishlar vazirligi bunday xabarlarni yubormaydi va bu ma’lumotlarning tarqatilishiga hech qanday aloqasi yo‘q”, deyiladi press-relizda.

Ichki ishlar organlari tomonidan soxta ma’lumot tarqatishga aloqador shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilgan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 261-moddasi (Uyushgan guruh tuzish yoki unda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan yuqorida qayd etilgan noqonuniy xatti-harakatlarga aloqadorlikda gumon qilinib, tergov harakatlari olib borilganda, Chuy viloyatida tug‘ilgan, ikki fuqarolikka ega, 1985 yilda tug‘ilgan S.M. ismli fuqaro qo‘lga olingan.

Gumonlanuvchining vaqtinchalik yashash joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida naqd pullar, routerlar, bank kartalari, uyali aloqa kompaniyalarining 90 dan ortiq SIM-kartalari, SimBox uskunasi topilib, olib qo‘yilgan.

SimBox – bu xalqaro qo‘ng‘iroqlarni niqoblash uchun ishlatiladigan qurilma. U ko‘pincha firibgarlar tomonidan ichki yoki bepul qo‘ng‘iroqlar narxida xalqaro qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi.

Vazirlikka ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsning uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqasi, jumladan, xorijdan moliyalashtirilgani va jihozlarning kelib chiqishi tekshirilmoqda. Uning boshqa noqonuniy firibgarlik harakatlariga aloqadorligi ham aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur qonunda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Biroq qonun faqat va faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslikni, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va holatni buzmaslikni, montaj qilmaslikni talab etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Qirg'iziston reklama SimBox

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing