Qirg‘iziston O‘zbekistondan yirik yer uchastkalarini davlat mulkiga qabul qildi
Olam
−
01 iyul 2025 27584 2 daqiqa
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi O‘sh viloyatidagi Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasida O‘zbekiston tomonidan Qirg‘iziston foydasiga topshirilgan ikki yer uchastkasini davlat mulkiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, birinchi uchastka 100 gektar maydonga ega bo‘lib, Qorasuv tumanida 312/4 va 312/6 chegara punktlari orasida joylashgan. Ikkinchi uchastka 198,44 gektarni tashkil etib, Aravan tumanida 324 va 328-punktlar orasida joylashgan.
Mazkur qarorlar 2022 yil 3 noyabr kuni Bishkekda imzolangan “Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ayrim davlat chegarasi uchastkalari to‘g‘risidagi kelishuv”ni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni amalga oshirish doirasida qabul qilingan.
Qirg‘izistonning Yer resurslari, kadastr, geodeziya va kartografiya bo‘yicha davlat agentligi O‘sh viloyatidagi Prezident vakili bilan hamkorlikda bir oy ichida ushbu yer uchastkalarini inventarizatsiya qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiradi.
Qorasuv va Aravan tumanlari ma’muriyatlariga ushbu yer uchastkalarini mutasaddi qishloq (ayil) okruglari – Qorasuv va Kermetooga foydalanishiga bepul berish hamda ularni maqsadli ishlatilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Qarorni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, davlat chegarasining demarkatsiyasi yakunlangach, yangi ma’muriy chegaralar xaritasi tayyorlanadi va hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezident Administratsiyasi huzuridagi Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini nazorat qilish boshqarmasiga yuklatilgan.
Qaror yetti kundan so‘ng kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zbek-qirg‘iz chegarasining ayrim uchastkalari bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.
Ta’kidlash joiz, kelishuvga muvofiq O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovni oladi.
Live
Barchasi