“Tolibon” BMTning Afg‘oniston bo‘yicha yig‘ilishiga bormaydigan bo‘ldi

Olam

image

Qatar poytaxti Dohada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillar yig‘ilishining birinchi kuni “Tolibon” delegatsiyasi ishtirokisiz o‘tdi. Bu haqda manbalariga tayanib, Afg‘onistonning “Hasht-e Subh” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 18 fevralda, anjumanning birinchi kunida davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida “Tolibon” harakati ishtirokisiz norasmiy uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilgan.

Asosiy tadbirlar bugun, 19 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda BMT yo‘l xaritasi muhokama qilinadi va xalqaro tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish va afg‘on xalqi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kunning asosiy mavzusi BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakilini tayinlash bo‘ladi.

Avvalroq “Tolibon” harakati Dohadagi yig‘ilishda ishtirok etish uchun ikkita shartni e’lon qilgan edi. Bularning birinchisi – “Tolibon” delegatsiyasi Afg‘onistondan yagona vakil bo‘lishi kerak. Ikkinchisi esa harakat vakillari Guterrish bilan bevosita muzokaralar olib borishi kerak.

Keyinchalik Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasi Dohadagi uchrashuvda Rossiya tomoni ham qatnashmasligini bildirdi. 

Elchixona bayonotiga ko‘ra, “Tolibon” muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya Qatar poytaxtiga borishdan bosh tortgan. Bunga ularning talablari bajarilmagani sabab bo‘lgan. 

“Biz bu pozitsiyani to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan, Afg‘oniston hukumati iltimosiga ko‘ra, Rossiya tomoni Kobul ortidan shaffof bo‘lmagan tarzda tanlangan, afg‘on fuqarolik jamiyati a’zolari deb ataladigan ishtirokchilar qatnashadigan yig‘ilishdan bosh tortishga qaror qildi. Bizning qarorimiz afg‘on hukumati tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi”, deyiladi Rossiya elchixonasi xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon BMT Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing