Qariyb yarim mlrd so‘mlik iPhone’larni noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
23 fevral 2029 1 daqiqa
Bugun, 23 fevral kuni Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 179 dona uyali telefonning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda bojxona kompleksi o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Chilonzor tumanida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tmagan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 102 dona iPhone qurilmasi shartli xaridorga sotilayotgan vaqtda to‘xtatib qolingan. Ushbu telefonlarning umumiy qiymati 255 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, Shayxontohur tumani yaqinidagi savdo majmuasi atrofida yana 77 dona telefon noqonuniy tarzda sotilayotgan paytda aniqlangan. Ularning qiymati 207 million 900 ming so‘mga teng.
Ayni vaqtda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon bojxona xodimlari tomonidan 35 ta holatda jami 377 dona uyali aloqa vositasi noqonuniy aylanmasining oldi olingan. Ularning umumiy qiymati 1 milliard 727 million so‘mni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 9 dona iPhone 17 rusumli telefonini noqonuniy yo‘l bilan olib kirishga uringan shaxs ushlangan edi.