Qamoqda o‘tirgan prezidentlikka sobiq nomzodga bosim o‘tkazilmagani aytildi

Olam

image

Avvalroq, Qirg‘iziston prezidentligiga sobiq nomzod, tadbirkor va xayriyachi Imomidin Toshovning advokati Asal Arg‘imboyeva mijozi 1-sonli Tergov izolyatori ma’muriyatining bosimiga norozilik sifatida ochlik e’lon qilganini aytgandi. Toshovga tergov izolyatori ma’muriyati tomonidan bosim o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmati matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, Qirg‘izistonning “Qamoqqa olish tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, 1-sonli tergov izolyatori ma’muriyati mahkum yoki qamoqqa olingan shaxslarni bir kameradan ikkinchi kameraga ko‘chirish huquqiga ega. Bunday chora-tadbirlar faqat xavfsizlikni ta’minlash, qamoqxona rejimini saqlash, qonunda ko‘zda tutilgan shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida ko‘riladi. Munosabatda Imomidin Toshovning takroriy jinoyat sodir etgan shaxslar joylashgan kameraga yotqizilganiga ham to‘xtab o‘tilgan. Ta’kidlanishicha, bunday holatda har bir shaxsning xavfsizligi, rejimi va huquqiy maqomi hisobga olinadi.

Jazoni ijro etish davlat xizmatining iddao qilishicha, advokatlar tomonidan bunday turdagi ma’lumotlarni e’lon qilish muassasa faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda xavfsizlik, qonun-tartibotni ta’minlash, mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarga ishonchni susaytirishga qaratilgan.

Bildirilishicha, Jazoni ijro etish davlat xizmati muassasalari faoliyati yuqori turuvchi organlar, xususan, prokuror nazorati ostidadir. Mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari yoki qarorlari bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, yuqori turuvchi organlar, prokuratura yoki sudlarga huquqiy shikoyat qilish mexanizmlari taqdim etiladi.

Imomidin Toshovning himoyachisi Asal Arg‘imboyevaning so‘zlariga ko‘ra, Imomidin Toshov hibsda saqlash sharoitlari buzilgani yuzasidan Bosh prokuratura, Ombudsman, Jazoni ijro etish davlat xizmati va boshqa idoralarga ariza bilan murojaat qilganidan keyin ta’qibga uchragan. Advokatning ta’kidlashicha, bunday harakatlar Qirg‘izistonning “Qamoqqa olish tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi qonuniga ziddir. Xususan, qonunning 22-moddasi 7-qismida gumon qilinuvchi shaxslarni shikoyat va apellyatsiyalar berganlik uchun javobgarlikka tortish taqiqlangan.

Asal Arg‘imboyeva Imomidin Toshovning sog‘lig‘i nafaqat oziq-ovqat, balki suvdan ham bosh tortgani tufayli tez yomonlashishi mumkinligini ta’kidlab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlikni jazoni ijro etish tizimi rahbariyatiga yukladi.

Imomidin Toshov o‘tgan yilning aprel oyida Chuy viloyatining Qayndi qishlog‘ida qo‘lga olingan edi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, u norozilik namoyishi uchun kuchlarni birlashtirish va keyinchalik hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun Qora-Bolta shahrida vaqtinchalik shtab tashkil etishni rejalashtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Imomidin Toshov Asal Arg'imboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing