Qahraton qish Ukraina uchun eng xavfli qurol – Zelenskiy
Olam
−
12:12 3217 2 daqiqa
2025 yildagi qishning sovug‘i Ukraina uchun “eng xavfli qurollardan biri”ga aylanishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Niderlandiya parlamentida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, energetika xavfsizligi masalasiga to‘xtalgan Zelenskiy Moskva sovuq ob-havoni ukrainaliklarning odatiy hayotiga qarshi ishlatishga urinayotganini ta’kidlagan.
“Shu bois, bo‘shashmaslik va faqat diplomatiyaga suyanib qolmaslik juda muhim. Biz havo hujumidan mudofaa tizimlarimizni mustahkamlashimiz, o‘zimizni himoya qilish qobiliyatimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deydi Vladimir Zelenskiy .
Shuningdek, Ukraina rahbari Niderlandiyaga Kiyevga taqdim etilgan Patriot zenit-raketa majmualari, F-16 qiruvchi samolyotlari hamda boshqa ko‘maklar uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi paytlarda Ukraina rasmiylari portlashlardan keyin elektr va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida bir necha bor xabar bergan. Jumladan, Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko 13 dekabr kuni mamlakatda 1 milliondan ortiq abonent elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi harbiy-sanoat majmuasi va energetika ob’ektlariga “Rossiya hududidagi fuqarolik ob’ektlariga qilingan Ukraina tomonidan amalga oshirilgan terrorchilik hujumlariga javoban” zarbalar berilganini bildirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi zarbalar faqat Ukrainadagi harbiy va energetika ob’ektlari hamda ular bilan bog‘liq infratuzilmalarga berilayotganini bir necha bor ta’kidlagan.
9 dekabr kuni Zelenskiy, agar Rossiya tomoni ham bu qadamni qo‘llab-quvvatlasa, Ukraina “energetik sulh”ga tayyor ekanini bildirgan. Kreml bunga javoban Moskva vaqtinchalik sulh emas, balki “barqaror, kafolatlangan va uzoq muddatli tinchlik”ka intilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi doirasida hududlarni bo‘lish masalasida Kiyev va Vashingtonning pozitsiyalari hozircha farq qilayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi