Italiya dunyodagi eng katta uchoqni yasamoqchi

Texnologiya

image

Italiyada to‘rt qavatli uy balandligidagi dunyodagi eng yirik samolyot barpo etiladi. Bu haqda “Il Corriere Della Sera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, havo kemasi “WindRunner” deb ataladi. U to‘rt qavatli uy balandligidagi yirik yuk samolyoti bo‘lib, faqat juda katta hajmdagi yuklarni, xususan, hozirgilardan ancha kattaroq bo‘lgan yangi avlod elektr stansiyalari uchun mo‘ljallangan shamol turbinalarini tashishga mo‘ljallanadi. Ushbu ulkan samolyot loyihasini 2016 yilda Massachusets texnologiya instituti professori va qayta tiklanuvchi energetika bo‘yicha mutaxassis Mark Lundstrom tadqiqotlari asosida tashkil etilgan Amerikaning Radia startapi amalga oshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “WindRunner” – old tomondan yuk ortish tizimiga ega, uzunligi 108 metr, qanot kengligi 80 metr, parvozi masofasi 2 ming kilometrgacha yetadigan samolyot. Loyiha bo‘yicha allaqachon Leonardo, Magnaghi Aerospace, Aernnova, shuningdek, Gollandiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Samolyotning asosiy yig‘uv markazi Italiyada – Pugliyadagi Grottaglie zavodida bo‘lishi rejalashtirilgan.

Bu loyiha orqali bir necha milliard yevro investitsiya jalb qilinishi, kamida 2,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, bilvosita ish o‘rinlari esa bundan besh baravar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Uni amalga oshirish yil oxirigacha boshlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Italiya hukumati dunyodagi eng uzun osma ko‘prik qurilishi loyihasini ma’qullagandi. Messina bo‘g‘ozidan o‘tuvchi ko‘prikning umumiy uzunligi qariyb 3,7 kilometr bo‘ladi, osma qismi esa 3,3 kilometrni tashkil etadi. Bu hozirgi kunda eng uzun bo‘lgan Turkiyadagi Chanoqqal’a ko‘prigidan 1 277 metrga uzun. Ko‘prikda har ikki yo‘nalishda uchta avtomobil yo‘lagi va ikki qator temiryo‘l bo‘ladi. Bu Italiyaga Qurolli kuchlarni Sitsiliyaga tezroq eltishga imkon beradi.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot WindRunner Radia

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing