Istanbuldan Toshkentga uchayotgan samolyot bortdagi bosim sabab favqulodda qo‘ndi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 28 iyul kuni HY272 reysi (Istanbul – Toshkent yo‘nalishi) texnik sabablarga ko‘ra havo kemasining jo‘nash aeroportiga qaytishi sababli kechiktirilgan holda amalga oshirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” ma’lum qildi

Bildirilishicha, HY272 reysini bajarayotgan UK67003 bort raqamli havo kemasi Istanbuldan havoga ko‘tarilganidan so‘ng, uchishdan 1 soat o‘tib, 350-eshelon balandligida salon va kabinadagi bosimning beqarorligi haqida signalizatsiya tizimi ishga tushgan. Parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida, havo kemasi komandiri samolyotni jo‘nash aeroportiga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Mahalliy vaqt bilan 15:50 da samolyot Istanbul aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan.

“Aviakompaniyaning texnik xizmatlari havo kemasini Toshkentdagi bazaga qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Ushbu reys yo‘lovchilari zaxira havo kemasi orqali Toshkentga yetkaziladi va kutish davrida mehmonxonaga joylashtiriladi”, deyiladi xabarda.

Chiqaruv reysi HY8272 quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

Istanbuldan uchish — 29 iyul, soat 07:30
Toshkentga yetib kelish — 29 iyul, soat 13:35
Vaqtlar mahalliy vaqt bo‘yicha ko‘rsatilgan.

“Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va tushunishingizga umid qilamiz. Parvozlar xavfsizligi — “Uzbekistan Airways”ning ustuvor vazifasidir”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Toshkent Uzbekistan Airways

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing