Isroilning G‘azodagi harakatlarini ortiq qabul qilib bo‘lmaydi – Mers
Olam
−
18 iyul 6997 2 daqiqa
Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qilib, “buni endi qabul qilib bo‘lmasligi”ni aytdi. Germaniya hukumati rahbari bu haqda bugun, 18 iyul kuni Berlindagi yozgi matbuot anjumanida gapirdi.
Bildirilishicha, Germaniya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqa aholisiga har tomonlama gumanitar yordam yetkazilishini talab qilmoqda. Mersning so‘zlariga ko‘ra, u bu borada Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muntazam shaxsiy muloqotni olib boradi.
Uning qayd etishicha, Germaniya mintaqada yashovchilarga gumanitar yordam ko‘rsatadi va agar Isroil hukumati bu sa’y-harakatlarga yordam bersa, ko‘proq narsani qilishga tayyor.
Shu bilan birga, Mers G‘azo atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq holda Yevropa Ittifoqining Isroil bilan hamkorlik shartnomasini to‘xtatib qo‘yish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Germaniya hukumati rahbari, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushi bilan tenglashtirishga qarshi chiqdi.
“Moskvaning harbiy harakatlari xalqaro huquqqa zid, Isroil esa hujumga uchradi va o‘zining yashash huquqini himoya qilmoqda”, dedi Germaniya kansleri.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 iyul kuni Isroil G‘azo sektoridagi yagona katolik cherkovi – Muqaddas oila majmuasiga zarba bergandi. Quddus Lotin Patriarxati G‘azo sektoridagi yagona katolik cherkoviga uyushtirilgan hujumda 3 kishi halok bo‘lgani, 9 kishi yaralangani, ulardan 3 nafari og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qildi. Jabrlanganlar orasida cherkov ruhoniysi Gabriel Romanelli ham bor va u yengil jarohat olgan.
Isroil Mudofaa kuchlari tergov o‘tkazishini aytdi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Rim papasi Leo XIVga qo‘ng‘iroq qildi va G‘azodagi cherkovning “tasodifan o‘qqa tutilganidan” chuqur afsusda ekanini bildirdi. Rim papasi “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”ga chaqirdi.
Quddus Lotin Patriarxi Perbattista Pitssaballa esa zarba xatolik tufuyli cherkovga tushganiga ishonchi komil emasligini aytdi.
Live
Barchasi