Isroilliklar Netanyaxuning uyi yonida namoyish o‘tkazdi (video)

Olam

image

Isroilda yuzlab namoyishchilar Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning Quddusdagi uyi yaqinida g‘alayonlar ko‘tarib, chiqindi konteynerlari va avtomobil shinalarini yoqib yubordi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.

Namoyishchilar G‘azodagi asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv talab qilmoqda. Politsiya Rexaviya va Givat Ram tumanlarida namoyishchilar yoqqan olov ko‘plab avtomobillarga zarar yetkazgani, ammo talofatlar bo‘lmaganini bildirgan. 

Namoyishchilar hududda joylashgan Milliy kutubxona tomiga chiqib, hukumatni “HAMAS qo‘lida qolgan asirlar uchun yetarli chora ko‘rmayotganlikda” ayblagan. Shuningdek, Latrun yo‘lida bir qancha avtomobillar Quddusga qarab harakatlanib, urushning to‘xtatilishi va asirlarning qaytarilishini talab qilgan. 

Bu chiqishlar “G‘azodagi asirlar huquqlarini himoya qilish harakati” tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan kun doirasidagi ommaviy noroziliklarning bir qismi hisoblanadi.

Namoyish hukumat G‘azo shahrini bosib olish rejasini davom ettirayotgan bir vaqtda bo‘lib o‘tdi. Xabarlarga ko‘ra, HAMAS Qatarning vositachiligidagi so‘nggi almashinuv taklifini qabul qilgan, biroq Netanyaxu uni rad etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda 20 isroillik asir tirik, 28 nafari esa halok bo‘lgan. Shu bilan birga, Isroil armiyasi 30 kundan beri davom etayotgan quruqlikdagi operatsiyada shaharni to‘liq qurshab olgan, havo va artilleriya zarbalari tinch aholiga ham qaratilgan. So‘nggi sutkada 119 nafar falastinlik, jumladan yordam kutayotgan fuqarolar va ikki jurnalist halok bo‘ldi. Minglab odamlar G‘azoning G‘arbiy Sohilida vaqtincha chodirlarda tirikchilik qilishga urinmoqda, xalqaro tashkilotlar esa hududda xavfsiz joy yo‘qligini bildirgan. 

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabridan beri G‘azoda Isroil armiyasi zarbalaridan 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash idoralari 367 kishi, shu jumladan 131 bola, ozuqa yetishmasligi tufayli ochlikdan vafot etganini xabar qildi. Isroil rasmiylari G‘azoda ochlik borligini tan olsa-da, ommaviy ocharchilik ayblovlarini rad etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi tank va askarlar bilan G‘azo shahrining eng yirik va aholisi zich tumanlaridan biri – Shayx Radvonga kirib borgandi. Bu yurishlar oqibatida bir kunning o‘zida 24 falastinlik halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Quddus namoyish G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing