Isroilliklar 27-marta sud-huquq islohotiga qarshi qo‘zg‘aldi
Olam
−
09 iyul 2023
3197Isroil muxolifati kecha, 8 iyul kuni kechasi butun mamlakat bo‘ylab sud-huquq islohotlariga qarshi 27-marta haftalik ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazdi. Bu haqda “Cursorinfo” xabar berdi.
150 ga yaqin namoyishlarning eng kattasi an’anaviy tarzda Tel-Avivdagi hukumat binolari majmuasi yaqinida bo‘lib o‘tgan.
Politsiya matbuot xizmatiga ko‘ra, namoyishchilar janubiy yo‘nalishda Ayalon shossesi bo‘ylab harakatlanishni to‘sib qo‘ygan. Namoyish chog‘ida ishtirokchilar demokratiya tarafdori shiorlarini aytib, Isroil bayroqlarini ko‘targan va rasmiylardan sud-huquq islohotini o‘tkazishni bas qilishni talab qilgan.
Tashkilotchilarga ko‘ra, shahardagi norozilik aksiyasida 180 mingga yaqin odam qatnashgan.
Gersliya shahrida namoyishchilar esa Ben Gurion va Rav Kuk ko‘chalari burchagidagi shinalarga o‘t qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 fevral kuni Isroil parlamenti sud-huquq islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagan. Mart oyida Netanyaxu davom etayotgan norozilik namoyishlari va e’lon qilingan "Milliy falaj haftasi" ish tashlashi fonida qonun loyihasining ikkinchi va uchinchi o‘qishini kechiktirishga rozi bo‘lgan va muxolifat bilan muzokaraga kirishgan.
Biroq so‘nggi bir necha oy davomida bu muzokaralar murosaga olib kelmagan. 14 iyun kuni muxolifat vakillari faqat sudyalarni tanlash qo‘mitasi tarkibi aniqlangach, muhokamalarni davom ettirishlarini ma’lum qilgan. Ekspertlar esa sudyalarning tayinlanishi o‘ng qanot diniy-konservativ hukumat tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarning asosiy masalasi, deb hisoblaydi.
Tanqidchilarning aytishicha, Netanyaxu koalitsiyasi siyosatga haddan tashqari aralashishda ayblayotgan mamlakat Oliy sudi vakolatlarini ataylab zaiflashtirishni maqsad qilgan. Hukumatga sudyalarni tayinlashda ko‘proq vakolat berilishi, parlament esa Oliy sud qarorlarini oddiy ko‘pchilik ovoz bilan bekor qilishi kerak. Tashabbus muxoliflari bu chorani Isroil demokratiyasi uchun xavfli deb hisoblab, milliy inqiroz haqida ogohlantirmoqda.
LiveBarchasi