Isroilda jazirama tufayli o‘rmon yong‘inlari boshlandi (video)
Olam
−
24 aprel 6573 2 daqiqa
Isroil so‘nggi yillarda o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq eng qiyin vaziyatlardan birini boshdan kechirmoqda. Anomal yuqori havo harorati tufayli bir vaqtning o‘zida mamlakatning bir nechta hududlarida yong‘in sodir bo‘lmoqda. Bu haqda Ynet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Isroilning Beyt-Shemesh shahri yaqinida va qirg‘oqbo‘yi pasttekisligida joylashgan aholi punktlarida yashovchi odamlarni evakuatsiya qilish boshlangan.
Evakuatsiya qilinadigan aholi punktlari orasida Tarum, Beyt-Meir, Eshtaol, Mesillat-Siyon, Pedaya va Petaxiya shaharlari ham bor. Odamlar shiddat bilan tarqalayotgan yong‘indan qochib, uylarini shoshilinch tark etishga majbur bo‘lmoqda. Yong‘in-qutqaruv xizmati olovni jilovlash va turarjoy mavzelariga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
O‘rmon yong‘inlari mamlakatda transport aloqasining jiddiy buzilishiga olib kelgan. Ba’zi bir magistrallarda harakat butunlay to‘xtatilgan, shuningdek, Nesharim chorrahasidan Sorek chorrahasigacha bo‘lgan 6-qismi yopilgan. Bundan tashqari, yirik shaharlar – Lod va Beer-Sheva o‘rtasida poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
“Bu minglab isroilliklar uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda”, deyiladi xabarda.
Yong‘inning ko‘plab aholi punktlariga tarqalishi xavfi yuqoriligi sababli Isroilning oltita okrugida o‘t o‘chiruvchilarning umumiy safarbarligi e’lon qilingan. Odamlar qurbon bo‘lishining oldini olish va talafotlarni minimallashtirish uchun barcha kuchlar tabiiy ofatga qarshi kurashga yo‘naltirilgan.
Hukumat yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Abay viloyati Qo‘yanbay qishlog‘ida quruq o‘t yonib ketgandi. Yong‘in tezligi sekundiga 26 metrgacha bo‘lgan kuchli shamol tufayli tez tarqalgan va katta hududni egallab olgan. Tez uchqunlangan yong‘in dasht “Semey o‘rmoni” tabiiy qo‘riqxonasining o‘rmon massiviga o‘tgan.
Live
Barchasi