Isroil Yamanga zarba berdi. 6 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
25 avgust 2025 2236 1 daqiqa
Kecha, 24 avgust kuni Yaman poytaxti Sanaga Isroil armiyasi tomonidan uyushtirilgan havo hujumi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Yaman Sog‘liqni saqlash vaziri Anis al-Asbaxiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 86 kishi jarohat olgan, zarbalar elektr stansiyasi va neft kompaniyasi ob’ektiga qaratilgan.
Isroil harbiy-havo kuchlari Sanaga bir qator aviahujumlar ham uyushtirgan. Isroil, shuningdek, husiylarning harbiy infratuzilmasiga zarba berilganini ma’lum qilgan. Husiylar harakati siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Farrahning aytishicha, Isroil hujumlari aslida tinch aholiga qaratilgan bo‘lgan.
Isroil tomonining tushuntirishicha, bu husiylarning avvalgi hujumlariga javob bo‘lgan, xususan, so‘nggi kunlarda raketa va dronlar yordamida amalga oshirilgan hujumlar uchun.
Ma’lumot uchun, husiylar G‘azo sektorida davom etayotgan hujumlarga javoban Isroilga muntazam zarba beradi. Hujumlar 2023 yil 7 oktyabrda boshlanganidan beri G‘azoda 200 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan yoki yaralangan. 12 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, yuz minglab odamlar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Blokada va uning oqibatida yuzaga kelgan ocharchilik o‘nlab odamlar, jumladan, bolalar halok bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning SAXAL kuchlari Yamanning Xodeyda, Ras Iso va As-Salif portlari hamda Ras Qanatib elektr stansiyasiga zarba bergandi. Hujumlarda harbiy razvedka va Isroil dengiz floti ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Live
Barchasi