Isroil o‘ldirgan “Hizbulloh” yetakchisi kim edi?
Olam
−
24 noyabr 5628 2 daqiqa
Kecha, 23 noyabr kuni Isroil armiyasi Bayrut chetidagi hududga qilingan zarba natijasida “Hizbulloh”ning eng yuqori harbiy amaldori Haysam Ali Tabataboiyni o‘ldirdi. Hujum bir yillik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay amalga oshirildi.
Uning o‘limi haqida dastlab Isroil armiyasi xabar berdi. Keyinroq “Hizbulloh” ham uning halok bo‘lganini tasdiqlab, uni “buyuk qo‘mondon” deb atadi va “o‘zining muborak umrining oxirgi daqiqalarigacha isroillik dushmanga qarshi kurashgan”, deb ta’rifladi.

Isroil 2023 yil oktyabridan 2024 yil noyabrigacha davom etgan urush davomida “Hizbulloh” rahbariyatining ko‘p qismini yo‘q qilgan edi. 2024 yil noyabrida AQSH vositachiligida otashkesim kelishuvi imzolangan.
Biroq Isroil bilan bo‘lgan so‘nggi urushdan so‘ng guruhning bosh shtab boshlig‘i etib tayinlangan Tabataboiy otashkesimdan keyin katta darajadagi “Hizbulloh” rahbariga qarshi amalga oshirilgan amaliyotda o‘ldirildi.
Livanlik yuqori martabali xavfsizlik manbasiga ko‘ra, Tabataboiy 1968 yilda Livanda eronlik ildizlarga ega otadan va livanlik onadan tug‘ilgan. U “Hizbulloh”ning asoschilaridan bo‘lmagan, ammo uning “ikkinchi avlodi”ga mansub bo‘lib, guruh bilan birga Suriya va Yamandagi ittifoqdoshlari yonida jang qilgan.

Isroil armiyasi ma’lum qilishicha, Tabataboiy 1980 yillarda “Hizbulloh”ga qo‘shilgan va elita harbiy bo‘linma hisoblangan “Radvon kuchlari” hamda boshqa bir qancha muhim lavozimlarni egallagan. Isroil o‘tgan yili Livanda quruqlikda operatsiya boshlashidan oldin “Radvon kuchlari”ning rahbarlarini yo‘q qilgan edi.
O‘tgan yilgi urush davomida Tabataboiy “Hizbulloh”ning operatsiyalar bo‘limiga rahbarlik qilgan va boshqa yuqori martabali qo‘mondonlar yo‘q qilingan sari lavozim jihatidan ko‘tarila boshlagan.
“Sulh kuchga kirgach, Tabataboiy bosh shtab boshlig‘i etib tayinlangan va Isroilga qarshi urushga tayyorgarlikni tiklash ustida juda ko‘p ish olib borgan”, deyiladi Isroil bayonotida.
Livan xavfsizlik manbasi ham Tabataboiy yuqori martabali “Hizbulloh” amaldorlari yo‘q qilinganidan so‘ng tez sur’atda ko‘tarilganini va oxirgi bir yil ichida bosh shtab boshlig‘i etib tayinlanganini tasdiqladi.
Isroildagi xavfsizlik tahlili va o‘quv markazi – Alma Center Tabataboiy Suriyada ham, Livandagi urush paytida ham Isroilning boshqa hujumlaridan omon qolganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi