Isroil tinchlikni istamaydi – Fidan
Olam
−
18 iyul 5074 3 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Isroil tinchlikni ham, barqarorlikni ham istamasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 17 iyul kuni BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Isroil tinchlikni istamaydi. Isroil barqarorlikni ham istamaydi”, degan Fidan.
Turkiya vakilining ta’kidlashicha, Isroil tomonidan Falastin xalqiga qarshi amalga oshirilayotgan genotsid hatto ayni daqiqalarda ham davom etmoqda. G‘azoda ikki milliondan ortiq aholi ayanchli azob-uqubatlarga duch kelmoqda, majburiy ko‘chirish va vayronagarchilik keng ko‘lamda davom etmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni yordam yetkazilishiga ataylab to‘sqinlik qilinmoqda, oddiy fuqarolar ovqat va suv olish uchun navbatda turgan joylarda o‘ldirilmoqda.
“Ochlik – urush quroliga aylantirildi. Isroil xalqaro gumanitar huquqning barcha tamoyillarini buzmoqda. Ochig‘ini aytaylik, dunyo 80 yildan so‘ng yana konslagerlarga guvoh bo‘layapti. Butun xalqni yo‘q qilish bo‘yicha kampaniya olib borilmoqda”, degan Fidan.
U Isroil armiyasining nafaqat G‘azoda, balki Suriyada ham o‘z tajovuzkor strategiyasini kengaytirayotgani, bu esa mintaqadagi muvozanatni butunlay izdan chiqarishini ta’kidlagan.
“Bu harbiy mashina nafratdan kuch oladi. Bu mashina jazodan qutulish imkoniyatidan kuch oladi. Bu mashina ayrim doiralar tomonidan ko‘rsatilayotgan shartsiz qo‘llab-quvvatlashdan kuch oladi”, degan Turkiya Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, Fidan BMTdan tashqari yordam yetkazish bo‘yicha boshqa modellar betaraflik va insoniylik tamoyillarini buzishini aytib, yordamning faqat BMT koordinatsiyasi ostida, barcha ochiq yo‘llar orqali, to‘liq xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq va hech qanday to‘siqlarsiz yetkazilishi kerakligini bildirgan.
“Gumanitar yordamning asosiy tamoyillari – insonparvarlik, betaraflik, kamsitmaslik va mustaqillik”, degan u.
Fidan Isroil tajovuzi Suriyada murosali tinchlikni xavf ostiga qo‘yganini aytib, buning butun mintaqaga tahdid solayotganini ta’kidlagan.
“Suriya yana zo‘ravonlik girdobiga tushmasligi uchun bor kuchimizni sarflashimiz kerak. Bu juda katta xavf. Boshqa yo‘l yo‘q”, degan Turkiya vakili.
Qolaversa, u barqaror Yaqin Sharq uchun Falastin xalqining qonuniy huquqlari tan olinishi va mustaqil Falastin davlati tuzilishi haligacha ustuvor masala ekanini eslatgan.
“BMT Xavfsizlik Kengashi nafaqat G‘azo xalqini, balki butun insoniyat qadr-qimmatini yerga urdi. U BMT asos solingan qadriyatlar va tamoyillarga ham xiyonat qildi. Bu endi oddiy gumanitar inqiroz emas – bu bizning jamoaviy insonparvarligimiz uchun sinovdir. Yagona to‘g‘ri yechim bor. Isroilning harbiy mashinasini to‘xtatish, jazodan qutulishni to‘xtatish, darhol va barqaror o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yordamga to‘liq ruxsat berish va ikki davlatli yechimga zudlik bilan qaytish”, deya o‘z so‘zlarini yakunlagan Hoqon Fidan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan G‘azo gumanitar jamg‘armasi tomonidan boshqariladigan G‘azodagi yordam punktlarida va boshqa yordam guruhlari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan boshqariladigan konvoylarda so‘nggi olti hafta ichida kamida 875 o‘lim qayd etilgandi.
Live
Barchasi