Isroil sulhdan so‘ng “Hizbulloh” qo‘mondonini o‘ldirdi
Olam
−
07 may 2296 2 daqiqa
Bugun, 7 may kuni Isroil armiyasi rasmiylari Bayrutga uyushtirilgan havo hujumlari oqibatida “Hizbulloh”ning elita hisoblangan “Radvan” kuchlari qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, qo‘mondon Bayrut janubidagi hududlarga berilgan zarba vaqtida halok bo‘lgan. “Hizbulloh” tomonidan hozircha bu xabar rasman tasdiqlanmadi. Hujum haqida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Israel Kats qo‘shma bayonot bilan chiqqan.
“Reuters”ning yozishicha, hujum Bayrutga Isroil zarbalarini to‘xtatgan sulh kelishuviga shubhani kuchaytirgan. Shu bilan birga, Isroil qo‘shinlari Litani daryosining janubidagi ayrim hududlarda qolib, janubiy Livanga hujumlarni davom ettirmoqda. “Hizbulloh” esa bu hujumlarga javoban Isroil askarlariga qarshi dron va raketalar qo‘llayotganini ma’lum qilgan.
Livan bilan tuzilgan sulh kengroq mintaqaviy tinchlik jarayonining muhim qismi hisoblanadi. Chunki Eron Vashington bilan muzokaralarda Isroilning Livandagi hujumlarini to‘xtatishni asosiy talablardan biri sifatida ilgari surgandi. Isroil 5 may kuni Litani daryosining shimolidagi bir nechta qishloq aholisini evakuatsiya qilishga chaqirgan. Bu esa Isroil harakat hududi kengayishi mumkinligini anglatishi aytilmoqda.
Livan Bosh vaziri Navaf Salam yuqori darajadagi Isroil-Livan uchrashuvlari haqida gapirishga hali erta ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi muzokaralar uchun avval sulh mustahkamlanishi kerak.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2 martdan buyon mamlakatdagi urush harakatlari oqibatida 2700 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Isroil esa shu davr mobaynida “Hizbulloh” tomonidan yuzlab raketa va dronlar uchirilganini bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh kuchga kirganidan beri ilk bor Isroil harbiy-havo kuchlari Bayrut chekkasiga aviazarba bergani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi