Isroil ko‘chmanchilarning falastinliklarga qarshi xujumini qo‘llayapti – BMT
Olam
−
09 iyun 2411 2 daqiqa
BMT komissiyasi Isroil hokimiyatlari va xavfsizlik kuchlarini G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi ko‘chmanchilar hujumlarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
BMTning Okkupatsiya qilingan Falastin hududlari bo‘yicha tergov komissiyasi hisobotida Isroil hokimiyatlari moliyaviy va harbiy yordam orqali ko‘chmanchilar hujumlariga sharoit yaratib bergani, xavfsizlik kuchlari esa ko‘p hollarda ularga hamrohlik qilib, himoya qilgani aytilgan.
Hisobotga ko‘ra, 2023 yildan beri Falastin qishloqlari va qishloq xo‘jaligi yerlariga qarshi hujumlar 130 foizga oshgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili kamida 7 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 832 kishi yaralangan.
“Isroil xavfsizlik kuchlarining ko‘chmanchilar hujumlarida ishtirokining kuchayishi amalda ko‘chmanchilar va askarlar o‘rtasidagi farq yo‘qolib borayotganini anglatadi”, deyilgan hisobotda.
Komissiya fikricha, bu kabi zo‘ravonliklar falastinliklarni o‘z yerlaridan siqib chiqarish va Falastin hududlarini anneksiya qilish siyosatiga xizmat qilmoqda.
Hisobotda ko‘chmanchilar tomonidan falastinlik bolalarni o‘g‘irlash, kaltaklash va qo‘rqitish holatlari ham qayd etilgan. Jumladan, 2025 yil aprelida 12 yoshli qiz va uning 3 yoshli ukasi pichoq tahdidi ostida o‘g‘irlab ketilib, daraxtga bog‘lab qo‘yilgani aytilgan.
“Isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklarga qarshi har kunlik hujumlari mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir va ular to‘xtatilishi kerak”, degan Komissiya raisi Muralidxar.
Hisobotda HAMAS tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklarga ham e’tibor qaratilgan. Komissiya 2024–2025 yillarda hujjatlashtirilgan 249 ta qatl va og‘ir zo‘ravonlik holatlaridan kamida 60 tasida HAMAS bilan bog‘liq kuchlar ishtirok etganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, komissiya 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS va boshqa qurolli guruhlarning Isroilga hujumlarini harbiy jinoyat deb baholagan. Avvalgi hisobotlarida esa Isroilning G‘azodagi harakatlari genotsid alomatlariga ega ekanini bildirgan. Isroil bu ayblovlarni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 7 oylik falastinlik chaqaloq G‘arbiy Sohilning Xevron shahri yaqinidagi Tel-Rumey hududida Isroil kuchlari tomonidan avtomobilga o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi