Isroil G‘azoga yangi hujumlar boshladi

Olam

image

Bugun, 17 may kuni Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektorida yangi keng ko‘lamli harbiy hujum boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda armiyaning Telegram-kanalida xabar berildi.

Mudofaa armiyasining bayonotiga ko‘ra, bu operatsiya garovga olingan fuqarolarni ozod qilish va HAMAS guruhini yo‘q qilish maqsadida boshlangan. Isroil qo‘shinlari hududga joylashtirilmoqda, so‘nggi bir sutkada esa G‘azoning turli qismlariga havodan kuchli zarbalar berilgan.

G‘azo sektoridagi manbalar va Isroilning Ynet nashri shimoliy hududlarda kuchli portlashlar, G‘azo shahri sharqida esa artilleriyaviy zarbalar berilganini bildirgan. Bombardimonlar vaqtida turarjoy binolari ham nishonga olingan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha yuqori komissari Folker Turk bu harakatni qoralab chiqdi. Unga ko‘ra, bu G‘azo aholisini majburan doimiy ko‘chirishga urinish bo‘lib, xalqaro huquqni buzadi va etnik tozalashga tengdir.

OAVga ko‘ra, sektor hududida halok bo‘lgan va yaralanganlar talaygina, ammo ularning soni haligacha aniq ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi. Qolaversa, shu kunga qadar Isroilning G‘azoga qarshi urushi oqibatida kamida 52 495 falastinlik halok bo‘ldi, 118 366 nafari yaralandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil kuchlarining G‘azo sektorida yirik hujumi yaqin kunlarda boshlanishi haqida ogohlantirgan edi. Bosh vazirga ko‘ra, bu urushning oxirgi nuqtasi va hammasini hal qilish yo‘lida tashlangan katta qadamdir.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil hujum G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing