Isroil G‘azo sektoridagi harbiy bazalarini kengaytirmoqda

Olam

image

Isroil G‘azo sektorida harbiy ishtirokini kuchaytirishda davom etmoqda. Sputnik tasvirlari anklav hududida yangi harbiy ob’ektlar qurilayotganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Telekanal tomonidan o‘rganilgan 2026 yil may oyigacha bo‘lgan sputnik suratlariga ko‘ra, G‘azo sektorida Isroilga tegishli 40 ta harbiy ob’ekt aniqlangan. Ularning sakkiztasi 2025 yil oktyabr oyida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilganidan keyin qurilgan. Yana bir ob’ektda qurilish ishlari hozir ham davom etmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, mazkur inshootlar vaqtinchalik kuzatuv nuqtalari emas, balki uzoq muddatli foydalanishga mo‘ljallangan to‘liq harbiy infratuzilma hisoblanadi. Yangi bazalar harbiy texnika joylashtirish maydonlari, muhandislik inshootlari va shaxsiy tarkibni joylashtirish ob’ektlari bilan jihozlanmoqda.

Harbiy postlar anklavning turli hududlariga joylashtirilgan. Ikkita ob’ekt sektor shimolida, yana ikkitasi markaziy qismida joylashgan. Bitta post Netsarim koridorining sharqiy qismida bo‘lsa, uchta baza janubdagi Xon-Yunis shahri atrofida qurilgan.

Tergov materiallarida Xon-Yunisdagi Sharqiy qabriston o‘rnida barpo etilgan ob’ektga alohida e’tibor qaratilgan. Sputnik kuzatuvlari ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda muhandislik ishlari 2025 yil noyabr oyida boshlangan. 2026 yil may oyiga kelib esa mazkur maydon harbiy texnika va askarlarni joylashtirish infratuzilmasiga ega to‘liq harbiy bazaga aylantirilgan.

Shunga o‘xshash jarayonlar anklavning shimoliy qismida ham kuzatilgan. Bayt-Lahiya hududida 2025 yil oktyabrida harbiy inshootlardan xoli bo‘lgan maydon bir necha hafta ichida keng ko‘lamli muhandislik ishlari va yangi ob’ektlar qurilishi maydoniga aylangan.

Harbiy infratuzilmaning kengayishi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azo sektori ustidan nazoratni yanada kuchaytirish haqidagi bayonotlari fonida kuzatilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil kuchlari hozirda anklav hududining qariyb 60 foizini nazorat qilmoqda. Isroil bo‘linmalari asosan sektorning katta qismini qamrab olgan bufer hudud – «sariq chiziq» bo‘ylab joylashtirilgan.

Sputnik kuzatuvlarining yangi ma’lumotlari Isroilning G‘azodagi harbiy ishtiroki tobora mustahkam tus olayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollari va hududning kelajakdagi maqomiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Binyamin Netanyahu Isroil mudofaa armiyasiga (SAHAL) G‘azo sektori hududi ustidan nazoratni 70 foizgacha kengaytirish haqida buyruq bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy Isroil G'azo baza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing