Isroil ballistik raketalar bilan Eronga zarba berdi (video)
Olam
−
08 iyun 7073 3 daqiqa
Bugun, 8 iyun kuni Isroil Eronning janubiy-g‘arbida joylashgan neft-kimyo majmuasiga, shuningdek boshqa harbiy nishonlarga zarbalar uyushtirdi. Bu haqda mamlakat rasmiylari ma’lum qildi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxudan keyingi hujumlardan tiyilishni so‘raganiga qaramay, Isroil Mahshahr neft-kimyo majmuasidagi nishonlar mo‘ljalga olinganini bildirdi. Eronning yarim rasmiy Fars axborot agentligiga ko‘ra, viloyat rasmiysi majmuaning ayrim qismlari zarar ko‘rganini tasdiqlagan.
“Isroil harbiy-havo kuchlari Mahshahr neft-kimyo majmuasidagi bir nechta nishonlarga zarba berdi”, degan Isroil mudofaa kuchlarining qisqa bayonotida.
Zararlar ko‘lami haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Eron davlat OAVlari Eronga qarshi urush boshlangan 28 fevraldan buyon zavodning 5 ta ishlab chiqarish liniyasi dushman snaryadlari zarbasiga uchraganini ma’lum qilgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ular Nosira shahri yaqinida joylashgan Ramat David aviabazasini nishonga olganini bildirgan. Isroil harbiylari esa, Erondan uchirilgan raketalar aniqlanganini va havo mudofaasi tizimlari ularni to‘sib qolganini ma’lum qilgan.
“Quddus shahrida soat 06:00 da raketa xavfi haqidagi ogohlantirish signallari yangradi”, deb yozgan AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi X tarmog‘ida. U shuningdek, “Shaytonning ona kemasi Tehronda joylashgan”, deya qo‘shimcha qilgan.
Isroil harbiylari yana bir bayonotda Yamandan uchirilgan deb baholangan raketaga qarshi havo mudofaa tizimlari ishga tushirilganini ma’lum qilgan. Agar tasdiqlansa, bu Yaman tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin Isroilga qarshi amalga oshirilgan birinchi hujum bo‘ladi.
Avvalroq, Tramp Isroil va Eronning yangi hujumlari uning ma’muriyati Tehron bilan olib borayotgan tinchlik muzokaralariga ta’sir qilmasligini aytgan va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “qaror qabul qiluvchi shaxs emas”ligini ta’kidlagan.
Tramp Eron bilan kengroq mojaroga barham berish bo‘yicha kelishuv uchun imkoniyat yaratish maqsadida Isroilni Livandagi hujumlarni to‘xtatishga undab kelmoqda. O‘tgan hafta u telefon suhbati chog‘ida Netanyaxuni keskin tanqid qilgani ham xabar qilingandi.
Oradan bir necha soat o‘tib, Isroil mudofaa kuchlari Eronning harbiy nishonlariga zarba berilganini ma’lum qilgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa, Isroil hujumlarda havodan uchiriladigan ballistik raketalardan foydalanganini bildirgan.
Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter esa, X ijtimoiy tarmog‘ida avval Eron Isroilga 11 ta ballistik raketa uchirganini ma’lum qilgan va “hamma bu telba rejimdan to‘ydi”, deb yozgan. Uning aytishicha, Isroil Eronning yerdan-yerga uchiriladigan raketalar start maydonchalari hamda infratuzilma ob’ektlarini nishonga olgan.
“Dunyoda o‘zini hurmat qilgan birorta davlat ham bunday hujumga toqat qilmaydi. Isroil ham toqat qilmaydi”, degan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi keskinlik neft narxlarining yana ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. 8 iyun kuni Brent etalon nefti 3 foizdan ortiq qimmatlashib, bir barrel uchun 96 dollardan yuqori ko‘tarilgan.
Live
Barchasi