Isroil HAMAS yetakchisining boshpanasini topganini e’lon qildi (video)
Olam
−
15 fevral
8820Isroil harbiylari HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchisi Yahyo Sinvar oilasi va tansoqchilari bilan Xon Yunus shahri ostidagi tunnelda yashaganini da’vo qilmoqda. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagariyga tayanib, “Bild” nashri xabar berdi.
Isroil tomoni Sinvar va uning ba’zi qarindoshlari tunnelga chuqurroq kirib borishi tasvirlangan videoni e’lon qildi. Tasvir HAMAS tunnellaridan biridagi kuzatuv kamerasi tomonidan 2023 yilning 10 oktyabrida yozib olingani aytilgan.
“Sinvar hozir qayerda ekani noma’lum. Agar video haqiqiy bo‘lsa, bu uning urush boshlanganidan beri birinchi tasvirlari bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Armiya tomonidan e’lon qilingan boshqa bir videoda isroillik askar Sinvar yashagani aytilayotgan xonani, Isroil va Amerika valyutasidagi banknotalar solingan seyf tasvirini ko‘rsatgan.
Shuningdek, yer osti majmuasida hojatxona va dush xonalari, oziq-ovqat zaxiralari uzoq vaqt saqlanadigan oshxona, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bilan jihozlangan tansoqchilar uchun xona ham topilgan.
Ma’lumot uchun, Yahyo Ibrohim Hasan Sinvar HAMASning harbiy qanoti asoschilaridan biri. U HAMASning ichki xavfsizlik bo‘limiga asos solgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Isroil mudofaa kuchlari Yahyo Sinvarning G‘azo sektorida yashiringan joyini aniqlagani, biroq uning garovdagilarni tirik qalqon sifatida qo‘llashi mumkinligi sababli harbiylar hujum qilmayotganini da’vo qilgandi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi