Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiyani jarimaga tortdi

Olam

image

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya muxolifatchi siyosatchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishini tergov qilishdan va jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortganida, uning huquqlari buzilgan, degan qarorga keldi. Bu haqda “Deutsche Welle“ nashri xabar berdi.

Keltirilishicha, bugun, 6 iyun kuni Strasburg sudi Rossiya rasmiylarini muxolifatchi siyosatchisi Navalniyning 2020 yilda zaharlanishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish va tegishli tergov o‘tkazishdan bosh tortganlikda aybdor deb topdi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiyani Navalniyga nisbatan ma’naviy zarar uchun 40 ming yevro tovon puli to‘lashga majbur qildi.

Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha konvensiyaning yashash huquqi to‘g‘risidagi moddasini buzdi

“Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining yashash huquqini himoya qiluvchi 2-moddasini buzdi”, deyiladi bayonotda.

Hujjatda aytilishicha, Navalniy Rossiya hukumati uni o‘ldirishga suiqasd bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgani va samarali tergov olib bormaganidan shikoyat qilgan.

“U faqat davlat xavfsizlik xizmatlariga ega bo‘lgan kimyoviy moddadan zaharlanganini da’vo qildi va Rossiya rasmiylari samarali tergov o‘tkaza olmaganidan shikoyat qildi”, degan Strasburg sudyalari.

Shuningdek, ular Rossiya tergovining tushunarsiz ekanligini va jabrlanuvchining jarayonda ishtirok etish huquqini hisobga olmaganligini aniqlagan.

Shu bilan birga, Navalniyga suiqasdning ehtimoliy siyosiy sabablari hamda zaharlanishga hukumat idoralarining aloqadorligi tekshirilmagan, deya ta’kidlagan Strasburg sudi. Bundan tashqari, Rossiya sud organlari zaharli moddaning Rossiya va xalqaro qonunlar tomonidan taqiqlangani haqidagi xabarni hisobga olmagan, garchi ular buni qilishga majbur bo‘lsa ham.

Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, 2021 yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.

Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident Putinni ayblagan.

2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.

Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi. 

Keyinroq muxolifatchiga nisbatan yana bir jinoiy ish ochilgan. 2022 yilning mart oyida u o‘ta katta miqdordagi firibgarlik va sudga hurmatsizlik moddalari bo‘yicha 9 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingan. 

Rossiyada 2022 yil oktyabr oyida Aleksey Navalniy va uning qator sheriklariga qarshi ekstremizm bo‘yicha jinoiy ish ochilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

jinoiy ish Naval'niy Evropa sudi jarimaga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing