Buxoroda o‘ldirilgan qiz bo‘yicha Hindistonda jinoiy ish ochildi
3-sahifa
−
09 iyul 6833 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekistonda 22 yoshli hindistonlik talaba kursdoshi tomonidan o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat yuzasidan Hindistonning Kerala shtati politsiyasi qotillik bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Bu haqda “Rediff” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ish Alappuja tumani Haripad politsiya bo‘limida marhumaning ota-onasi bergan ariza asosida ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, Alappuja tibbiyot kollejida sud-tibbiy ekspertiza ham o‘tkazilgan.
“Jinoyat O‘zbekistonda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, bu yerda ishni qo‘zg‘atish qoidalari mavjud. Agar u yerdagi politsiya ayblanuvchini javobgarlikka tortsa, biz ishni yopamiz. Bo‘lmasa ishni o‘zimiz davom ettiramiz. Biz tergov jarayonining borishini aniqlashtirish uchun Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi orqali O‘zbekiston rasmiylari bilan bog‘lanamiz. Gumonlanuvchi u yerda hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor. Shu sababli Tashqi ishlar vazirligi orqali ish tafsilotlari va O‘zbekiston rasmiylari tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot olamiz”, deydi Kayamkulam bo‘linmasi politsiya boshlig‘i o‘rinbosari Binukumar.
Marhumaning oilasi esa ish bo‘yicha Keralada ham to‘liq tergov o‘tkazilishi va asosiy gumonlanuvchining Hindistonga ekstraditsiya qilinishini talab qilmoqda. Politsiya bunday imkoniyat xalqaro huquqiy tartib-taomillar asosida ko‘rib chiqilishini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qizning o‘limida uning Malappuram tumanidan bo‘lgan kursdoshi gumon qilinmoqda. Ular o‘rtasida yuzaga kelgan janjal vaqtida yigit qizning boshiga noutbuk bilan zarba bergan va bu uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Biroq marhumaning yaqinlari voqea bundan ancha og‘irroq bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Ularning aytishicha, jasadni olib kelish uchun O‘zbekistonga borganida qizning tanasida ko‘plab jarohatlar aniqlangan. Oila a’zolarining da’vosiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tergovchilar marhuma o‘limidan oldin qiynoqqa solingani va bir necha bor shafqatsiz kaltaklangani haqida ma’lumot bergan.
Shuningdek, oila vakillarining fikricha, marhumaning o‘limiga faqat boshiga yetkazilgan zarba emas, balki unga nisbatan ilgari sodir etilgan zo‘ravonliklar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Marhumaning yaqinlari aynan shu sabab O‘zbekistonda olib borilayotgan tergov yakunlarini diqqat bilan kuzatayotgani hamda zarurat tug‘ilgan taqdirda gumonlanuvchi javobgarlikdan qochib ketmasligi uchun Hindistonda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini so‘raganini bildirgan.
Hozircha O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari mazkur ish yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, holat Buxoro viloyatida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan 2 nafar hindistonlik talaba o‘rtasidagi janjal oqibatida sodir bo‘lgan. Qotillikda gumonlanayotgan shaxs Malappuram tumanida tug‘ilgan 23 yoshli Sadharul Anam ekani aytilmoqda.
Live
Barchasi