Imron Xon qamoqxonada vafot etdi – Afg‘oniston OAV (video)
Olam
−
26 noyabr 19516 2 daqiqa
Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon qamoqda halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Bu xabar rasmiy tasdiq topmagan. Xon tarafdorlari sodir bo‘lgan voqeaga aniqlik kiritishni talab qilib qamoqxona yoniga to‘plangan.
Bugun, 26 noyabr kuni afg‘on OAVlari Pokiston sobiq bosh vaziri qamoqda o‘ldirilgani haqida xabarlar sizdirdi.
“Pokistondagi ishonchli manba Imron Xon ehtimoliy ravishda sirli tarzda o‘ldirilgani va uning jasadi qamoqxonadan olib chiqib ketilgani haqida tasdiqladi”, deb yozdi “Afghanistan Times”.
Yana bir afg‘on nashri “ismi oshkor qilinishini istamagan Pokiston armiyasidagi manba”ga tayanib, Imron Xon “17 kun oldin qamoqda sirli tarzda o‘ldirilganini” yozdi.
Xabarlarga ko‘ra, Imron Xon tarafdorlari va PTI partiyasi a’zolari o‘z yetakchisi haqida ma’lumot olish uchun qamoqxona yoniga to‘plangan. Shundan so‘ng, Pokiston hukumati xavfsizlikni ta’minlash uchun yuzlab harbiylarni ushbu hududga yuborgan.
Ma’lumot rasmiy tasdiq topmagan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, Pokiston hukumati uning qamoqxonada o‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
Shuningdek, “Pakistan Observer”ning xabar berishicha, kecha, 25 noyabr kuni Adiala qamoqxonasi boshlig‘i Islomobod Oliy sudiga yo‘llagan xatida PTI asoschisi “qat’iy kuzatuv ostida ekanini” tushuntirgan.
Shu bilan birga, kechadan buyon sobiq bosh vazirning tarafdorlari u bilan uchrashish yoki u haqidagi ma’lumotni talab qilib, qamoqxona yonida to‘plangan. Xabarlarga ko‘ra, norozilar orasida Imron Xonning singlisi ham bor. Voqea joyidan olingan foto va videolar X tarmog‘ida paydo bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Imron Xon va Bushra Bibi 2018 yilda yer maydonlarini pora sifatida olishda va noqonuniy daromadlarni legallashtirishda ayblangan. Ularga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarga ko‘ra, ushbu noqonuniy faoliyat Al-Qadir Trust xayriya fondi orqali amalga oshirilgan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, fond korrupsiyani yashirish vositasi bo‘lgan.
Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston hukumatini boshqargan. U 2022 yil 10 aprelda parlamentda ishonchsizlik votumi bilan lavozimidan chetlatilgan. Avvalroq, xususan, u jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanib, 3 yilga, davlat sirlarini oshkor qilganlik uchun 10 yilga, rafiqasi bilan birga korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Er-xotin barcha ayblovlarni rad etib, ishni siyosiy motivli deb atadi. Xonning partiyasi ham ularni uydirma deb hisoblardi.
O‘tgan yil noyabr oyida Imron Xonning tarafdorlari uni qamoqdan ozod qilishni talab qilib politsiya bilan to‘qnashdi va hukumat o‘rnatgan to‘siqlarni yorib o‘tib Islomobod markaziga kirib bordi. Tomonlarning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi