Jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotasi oshiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Jamoat xavfsizligi universitetini va Ichki ishlar vazirligi akademiyasini transformatsiya qilish taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 29 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun zamonaviy, vatanparvar va har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Chunki mahalla va tuman darajasida ishlayotgan xodimlar har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan bilim, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lishi shart.

Bu maqsadda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasini 300 nafargacha oshirish taklif qilingan.

Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.

Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etilgan. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.

Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.

Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar