Gruziyaning sobiq bosh vaziri siyosatni tark etmoqda
Olam
−
25 aprel 3067 2 daqiqa
Gruziyaning sobiq bosh vaziri, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi raisi Irakliy Garibashvili o‘z lavozimini tark etib, siyosatdan ketmoqda. Bu haqda u bugun, 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan maxsus brifingda ma’lum qildi.
“Siyosatga qaytganimda zimmamga yuklatilgan sharafli vazifani bajarish uchun avval mudofaa vaziri, keyin ikkinchi marta bosh vazir etib tayinlandim va nihoyat partiya raisi etib saylandim, aytish mumkinki, uni bajardim. Endi men partiya raisi lavozimida va umuman siyosatda qolish zaruratini ko‘rmayapman, shuning uchun “Gruziya orzusi” raisi lavozimini tark etib, siyosatdan ketishga qaror qildim. Men mamlakatimga boshqa pozitsiyadan turib xizmat qilishda davom etaman”, degan Garibashvili.
Shuningdek, u “Gruziya orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishviliga bir necha bor minnatdorlik bildirgan.
“Albatta, men butun siyosiy faoliyatim bilan bog‘liq bo‘lgan 2012 yil 1 oktyabrdagi g‘alabaning asosiy yutug‘i, ideallari, qadriyatlari va tamoyillariga sodiq qolaman. Binobarin, men janob Bidzina Ivanishvili jamoasining ham, mamlakatimizning ham sodiq harbiysi bo‘lib qolaman. Menga mamlakatdagi eng yuqori siyosiy lavozimlarda Gruziyaga xizmat qilishdek noyob imkoniyatni taqdim etgan janob Bidzina Ivanishviliga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan u o‘z nutqida.
Garibashvili faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini, tafsilotlar keyinroq ma’lum bo‘lishini aytgan. U partiya raisi lavozimini kim egallashi haqida aniqlik kiritmagan.
Shuningdek, u “Gruziya orzusi”ga muxolifat sifatida siyosatga qaytish imkoniyatini rad etgan.
Ma’lumot uchun, “Gruziya orzusi” mamlakatda hukmron partiyaga aylangandan keyin Irakliy Garibashvili ikki marta bosh vazir, ichki ishlar vaziri va mudofaa vaziri bo‘lgan. Bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqqanidan so‘ng, u partiya raisi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hukumatlarini mamlakatdagi demokratiya va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin yanada yomonlashgani sababli Gruziya hukumatiga nisbatan eng qattiq choralarni ko‘rishga chaqirgan edi. Yevroparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni “Gruziya orzusi”ning bir partiyali parlamenti qonuniyligini tan olmaslikka va o‘zini Gruziya hukumati deb e’lon qilgan hokimiyatni boykot qilishga ham chaqirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr