Gonkongdagi turarjoy majmuasida dahshatli yong‘in chiqdi (video)
Olam
−
26 noyabr 2562 2 daqiqa
Bugun, 26 noyabr kuni Gonkongdagi Wang Fuk Court turarjoy majmuasida yuz bergan yong‘in oqibatida to‘rt kishi, jumladan, bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi. Kamida besh kishi jarohat olgan, ko‘plab odamlar esa binolarda qamalib qolgan. Bu haqda “South China Morning Post” (SCMP) xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Wang Fuk Court majmuasida jami to‘qqizta bino bo‘lib, ularda 1,9 mingta xonadon joylashgan. Hozir majmuada renovatsiya ishlari olib borilmoqda. Umumiy yashovchilar taxminan 4 ming nafarni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, to‘rt kishi, jumladan, yong‘in xizmatining bir xodimi halok bo‘lgan, yana kamida uch kishi jarohatlangan. Kuchli yong‘in Gonkongning Taypo okrugida yuz bergan, olov binolar atrofidagi bambukdan tayyorlangan qurilish karkaslariga ham tarqalgan.
Yong‘in majmuaning birinchi binosida mahalliy vaqt bilan 14:52 da boshlangan. Keyinroq olov yana ikki binoga tarqalgan. 18:47 da esa majmuaning eng baland binosida – to‘rtinchi binoda ham yong‘in chiqqan. Yong‘inning murakkabligi darajasi ikkinchidan beshinchi darajaga ko‘tarilgan (Gonkongdagi eng yuqori xavf darajasi).
Favqulodda xizmatlar hozircha ikki binodan odamlarni evakuatsiya qila olgan. Xabarlarga ko‘ra, ba’zi odamlar olovdan qochish uchun tomga chiqishga majbur bo‘lgan. Hozircha sakkiz nafar keksa va ikki nafar bolani o‘z ichiga olgan 13 kishi binoda qolmoqda. Shuningdek, taxminan 14 ta uy hayvoni ham ichkarida qolib ketgan.
“18:45 holatiga ko‘ra, Taypo okrugidagi yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va besh kishi jarohat olgan. Jabrlanganlardan uchtasining ahvoli yomon, bittasining ahvoli og‘ir, yana bir kishi barqaror holatda”, deyiladi xabarda.
SCMP ma’lumotiga ko‘ra, bu Gonkongdagi so‘nggi 17 yildagi ilk beshinchi darajali yong‘in.
“Gonkongda beshinchi darajali oxirgi yong‘in 2008 yilda Cornwall Court turarjoy majmuasida yuz bergan. Mong Kok hududidagi binodagi karaoke markazida kelib chiqqan yong‘in oqibatida ikki nafar o‘t o‘chiruvchi hamda yana 55 kishi halok bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorvatiya poytaxti sanalmish Zagreb shahrida 16 qavatli bino yonib ketgandi. Hodisa oqibatida bir nechta vazirliklarning arxivlari yonib ketgan.
Live
Barchasi