Gonkongda eng yuqori darajadagi xavf e’lon qilindi
Olam
−
18 iyun 4171 2 daqiqa
Bugun, 18 iyun kuni Gonkong rasadxonasi mahalliy vaqt bilan soat 12:55 da eng yuqori – “qora” rangli yomg‘ir ogohlantirishini e’lon qildi. Bu esa maktablarning yopilishiga va ba’zi korxonalar faoliyatining to‘xtashiga sabab bo‘ldi. Rasadxona aholidan boshpanalarda qolishni va kuchli suv toshqinlaridan ehtiyot bo‘lishni so‘radi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Rasadxona o‘zining rasmiy saytida bir soat ichida 70 millimetrdan oshadigan kuchli yog‘ingarchilik davom etishi mumkinligini ma’lum qilgan. Bu joriy yil hisobidan “qora” xavf belgisining ikkinchi bor e’lon qilinishidir. Birinchisi bundan bir hafta oldin – joriy yilning 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. Ushbu moliyaviy markaz Janubiy Xitoyning katta qismi kabi faol kuchli janubi-g‘arbiy musson shamollari va past bosimli havo oqimining uzoq vaqt saqlanib qolishi sababli bir necha kundan beri tinimsiz yog‘ingarchilik ostida qolmoqda.
Rasadxonaning bildirishicha, kuchli shamol shiddati Gonkongga ta’sir qilishda davom etishi mumkin, shaharning janubi-g‘arbiy Tay O tumanida shamol tezligi soatiga qariyb 80 kmni tashkil etgani qayd etilgan.
Bu tabiat hodisasi ertaga, 19 iyun kuni boshlanadigan va aholiga ko‘pchilik sayohat qilishni rejalashtirgan uch kunlik ta’tilni taqdim etadigan Ajdarho qayiqlari festivali (Dragon Boat Festival) arafasida yuz bermoqda.
Chegaraning narigi tomonida – Xitoyning Shenchjen shahri rasmiylari ham “qizil” rangli yomg‘ir ogohlantirishini e’lon qilgan va aholini pastlikdagi, suv bosgan va o‘zlari “boshqa xavfli hududlar” deb atagan joylardan uzoqroq turishga chaqirgan. Ularning aytishicha, tog‘larda sel kelishi, ko‘chkilar va boshqa tabiiy ofatlar xavfi ortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari sababli 22 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiAQSH va Eron memorandum imzoladi
18 iyun