Global harorat keyingi besh yilda rekord darajaga yetadi

Olam

image

Dunyodagi ikki yetakchi meteorologik agentlikning yillik hisobotiga ko‘ra, keyingi besh yil ichida global harorat tarixdagi eng yuqori yoki unga yaqin darajaga chiqadi, bu esa yanada xavfli ob-havo hodisalariga olib kelishi mumkin. Bu haqda CNN xabar berdi.

BMTning Butunjahon meteorologiya tashkiloti va Buyuk Britaniyaning Meteorologiya byurosi tomonidan joriy yilning 5 iyun kuni e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, keyingi besh yil ichida global harorat o‘rtacha 1,5 darajadan oshib ketish ehtimoli 70 foizni tashkil etadi.

1,5 darajadan yuqori global isish tabiiy tizimlarning izdan chiqishiga, jumladan muzliklar va dengiz muzlari erishining qaytmas nuqtasiga olib keladi. Bu esa dengiz sathining keskin ko‘tarilishi kabi og‘ir oqibatlarga chorlaydi.

Shuningdek, hisobotda 80 foiz ehtimol bilan keyingi besh yildan kamida biri insoniyat tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi, ilk marta, garchi ehtimol juda kichik (1 foiz) bo‘lsa-da, bitta yilning harorati sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 2 darajadan ortiq bo‘lishi mumkinligi ham keltirilgan.

Bu ehtimol past bo‘lsa-da, u global isishning tezlashayotganini va har yili 1,5 darajadan ortiq harorat kuzatilishi ehtimolini kuchaytirayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, 1,5 daraja isish – bu Parij iqlim bitimida ko‘zda tutilgan chegaradir. Bu kelishuvda dunyo davlatlari harorat ko‘tarilishini 2 darajadan ancha past darajada ushlab turishni maqsad qilgan. Ayniqsa, dengiz sathiga yaqin joylashgan kichik orol davlatlar uchun bu tirik qolish masalasidir.

Hisobotda aytilishicha, Arktikada isish Yerning boshqa hududlariga nisbatan 3,5 barobar tezroq bo‘lmoqda, ayniqsa qish mavsumida. Bu esa muzliklarning erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Bu xulosa 15 ta ilmiy institut tomonidan ishlab chiqilgan 200 dan ortiq kompyuterli modellar asosida tayyorlangan. Hisobotda ushbu modellar global darajada yuqori aniqlikda ishlayotgani, ammo hududiy prognozlarda nisbatan past aniqlikka ega ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning iqlim bo‘yicha ekspertlari Butunjahon muzliklar kuni munosabati bilan bergan bayonotida agar muzliklarning hozirgi erish sur’ati saqlanib qolsa, ular sayyoraning ko‘plab mintaqalarida XXI asr oxirigacha saqlanib qolmasligi haqida aytilgandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, muzliklar dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining taxminan 70 foizini o‘zida jamlagan. Ular iqlim o‘zgarishining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, odatda barqaror iqlim sharoitida erimaydi. Ammo hozir, inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish oqibatida ularning maydoni misli ko‘rilmagan tezlikda qisqarmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

harorat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing