Netanyaxu o‘ldirildi. Xomanaiy esa portlatilgan. Axborot urushi avjida
Tahlil
−
19 mart 11090 9 daqiqa
Netanyaxu o‘ldi, Eroning yangi oliy rahbari Mujatabo Xomanaiy ham yuzining og‘ir shikastlashi oqibatida vafot etdi. Endi urush tugaydimi? Asuski yo‘q!
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar siz har kuni duch kelayotgan, ammo o‘z tasdig‘ini topmagan xabarlar.
Yaqin Sharqda boshlangan urush fonida global axborot maydonida ham kurash avj olmoqda. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan bog‘liq “vafot etdi” yoki “og‘ir yaralandi” kabi tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘p bora duch kelayotganingiz aniq.
Urushni boshlab bergan AQSHning yaqin hamkori Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning o‘lgani haqidagi mish-mishlar ijtimoiy tarmoqlarda muntazam kuzatilmoqda. Biroq, Netanxu bu taxminlarni inkor etib, o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasiga tirikligini isbotlash maqsadida bir nechta videolarni joylashtirgan. Tarmoq foydalanuvchilari esa bu feyk, ya’ni sun’iy intelekt orqali qilingan soxta videolar bo‘lishi mumkinligini isbotlashmoqda.
Shu bilan birga, Eron yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy hanuzgacha ommaga ko‘rinish bergani yo‘q. Hattoki, uning Eron xalqiga yo‘llagan ilk bayonoti ham yozma shaklda bo‘lib, 12 mart kuni Eron davlat televideniyesi orqali o‘qib eshitirilgan. Yangi rahnamoning yaralangani haqidagi mish-mishlar ham ko‘pchilikdi turli taxminlarni keltirib chiqargan. Shundan so‘ng Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy bunday shubhali xabarlarga nuqta qo‘yib, uning jarohatlaganini tasdiqlagan. Biroq u Xomanaiyning ahvoli yaxshi ekanligini ma’lum qilgan.
Qissqa qilib aytganda, Yaqin Sharq osmonida havo hujumlari tinmayotgan bir vaqtda, axborot maydonida ham soxta xabarlar jangi avjiga chiqdi. Urushning asosiy figurasi bo‘lgan davlat rahbarlarining taqdiri haqidagi savollar esa hanuz ochiq. Bugun shu haqda gaplashamiz!
Isroil bosh vaziri Netanyaxu o‘ldimi?
28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida bo‘lgan Eroning sobiq Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan bombardimon oqibatida halok bo‘lgandan so‘ng 2 mart kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning idorasiga zarba bergan. Shundan so‘ng Isroil bosh vazirining ahvoli noma’lum bo‘lib qolgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ushbu hujumlarni Eron tomonidan amalga oshirilgan o‘ninchi zarba to‘lqini doirasida o‘tkazilganini bildirgan.
Isroil axborot agentliklarining xabar berishicha, raketa hujumlaridan so‘ng Benyamin Netanyaxu Bayt-Shemesh shahriga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan. U oxirgi marta bir necha daqiqalik videomurojaat yo‘llagan va shundan so‘ng umuman ko‘rinish bermagan. Rasmiylar ham Netanyaxuning xavfsizligi yuzasidan hech qanday izoh bermagan. Mamlakat ichida xavfsizlik choralarining kuchaytirilgani, hukumat a’zolari va harbiy rahbariyat maxsus boshqaruv markazlariga ko‘chirilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Shundan so‘ng Internetda Netanyaxu tirikmi yoki yo‘qmi degan savollar keng muhokama qilina boshladi. Ko‘pchilik Bosh vazir bir muddat omma oldida ko‘rinmay qolgani sababli uning yaralangani yoki hatto, halok bo‘lgani haqida taxminlar bildirgan. 13 mart kuni Netanyaxu Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya boshlanganidan beri ilk bor matbuot anjumani o‘tkazgach, ijtimoiy tarmoqlarda bu video sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bo‘lishi mumkin degan da’volar ham paydo bo‘lgan.
16 mart kuni mish-mishlarga javob sifatida Netanyaxu kassadan buyurtma qilgan qahvasini olayotgani tasvirlangan video vazirning ijtmoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasiga joylashtirilgan. Shu payt kadr ortidan bir kishi undan internetda tarqalgan o‘limi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berishni so‘raydi. Netanyaxu esa ibroniy tilidagi “o‘lik” so‘zini kinoya bilan ishlatib javob bergan.
“Men qahvani o‘lgudek yaxshi ko‘raman. Men xalqimizni ham o‘lgudek yaxshi ko‘raman. Odamlarimizning xatti-harakati ajoyib”, degan Netanyaxu hazil aralash.
Shundan so‘ng u kulimsirab qo‘llarini kameraga tutib, barmoqlarini sanab ko‘rishni taklif qilgan. Bosh vazir, shuningdek kafe xodimlari bilan suhbatlashib, urush davrida isroilliklarning ruhiyati va birdamligini yuqori baholagan.
“Biz hozir ayrim tafsilotlarini oshkor qila olmaydigan ishlarni qilyapmiz. Ammo biz Eronga ham, Livanga ham kuchli zarbalar bermoqdamiz”, degan Netanyaxu.
Biroq, tarmoq foydalanuvchilari Netanyaxu idorasi Bosh vazirning taqdiri haqidagi gap-so‘zlarga javoban e’lon qilgan ushbu videoni ham sun’iy intelekt orqali yaratilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, videoda bir nechta shubhali belgilar mavjud. Masalan, kadrda ko‘rinadigan qahva finjoni to‘la bo‘lsa-da, u ag‘darilganda yoki harakatlanganda ichidagi suyuqlik to‘kilmaydi.
Shuningdek, Netanyaxu qahva ichayotgandek ko‘rinsa ham, finjondagi qahva miqdori kamaymaydi. Bundan tashqari, ayrim foydalanuvchilar videoda Bosh vazirning yuz ko‘rinishi haqiqiy suratlaridan farq qilishini ham qayd etgan. Shuningdek, videoning sun’iy intellekt yordamida yaratilganini ko‘rsatish uchun ayrim foydalanuvchilar shu sahnaga o‘xshash tarzda boshqa siyosatchilar, jumladan Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron ishtirokidagi sun’iy videolarni ham yaratib ko‘rsatgan.
18 mart kuni Netanyaxuning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida uning tirik ekanligini isbotlash maqsadida, Isroil bosh vaziri va AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakab yo‘lakda suhbatlashgani tasvirlangan videosi joylashtirilgan. Suhbatda AQSH elchisi:
“Prezident sizdan xabar olishim va ahvolingiz yaxshi ekaniga ishonch hosil qilishim uchun meni yuborganini bilishingizni istadim” deya bergan savoliga Netanyaxu: “Men tirikman”, deb javob bergan.
“Ha, Mayk. Men tirikman. Biz har bir qo‘limizdagi beshta barmoq bilan qo‘l berib so‘rashamiz, bilasiz-ku. Men tirikman, lekin menda mana bu karta bor. Yo‘q, uni o‘qimang. Bu nishonlar kartasi. Bugun men ushbu kartadagi ikki kishining ismini o‘chirib tashladim va ko‘rib turibsizki, bu ro‘yxatda hali qanchasi qolgan. Biz Isroilni yer yuzidan supurib tashlab, keyin Amerika har bir shahriga yetib boradigan yadro quroli va uni yetkazib berish vositalarini yaratmoqchi bo‘lgan bu jinnilardan qutulyapmiz. Ular buni qila olishmaydi. Biz ularning o‘zini yo‘q qilyapmiz”, dedi Netanyaxu.
Netanyaxuning yana bir videosida uning barmog‘idagi uzuk qo‘lini harakatlantirishi davomida yo‘qolib qolayotganligini ko‘rish mumkin. Foydalanuvchilar tomonidan uning so‘ngi videolari sun’iy intellekt yordamida yaratilgani isbotlangan bo‘lsa ham, negadir Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tirikligini isbotlash maqsadida shunday videolarni ommaga chiqarishdan charchamayapti.
Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy qayerda?
Eronning sobiq Oliy rahbari Oyatulloh Ali homanaiyning o‘ldirilganidan so‘ng uning vorisi Mujtabo Xomanaiyning hozirgi ahvoli ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yangi saylangan rahnamoning yaralangani haqidagi mish-mishlar fonida, 12 mart kuni Mujtabo Xomanaiy ilk bor xalqqa murojaat qildi. Biroq, uning bu murojaati yozma shaklda bo‘lib, Eron televideniyesida o‘qib eshittirildi, o‘zi esa kadrda ko‘rinish bermagan.
Xomanaiy o‘zining tayinlangani haqida boshqa eronliklar bilan bir vaqtda – Ekspertlar kengashidagi ovoz berish jarayonining teletranslyatsiyasi orqali bilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy rahnamo kursisini egallash u uchun qiyin, chunki bu o‘rin avval ikki “buyuk imom” – Xumayniy va o‘zining otasi “shahid Xomanaiy”ga tegishli bo‘lgan.
Murojaatning markaziy mavzusi urush bo‘lgan. Xomanaiy harbiylarga dushmanga berilgan “qaqshatqich zarbalar” uchun minnatdorlik bildirgan va Eron Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sishda davom etishini ma’lum qilgan. Yangi rahnamo, shuningdek, Yaman husiylari, “Hizbulloh” va Iroq qarshilik kuchlariga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun tashakkur aytgan.
Xomanaiy halok bo‘lgan har bir eronlik uchun – nafaqat otasi, balki o‘ldirilgan har qanday fuqaro uchun qasos olishga va’da bergan. U Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarbani alohida e’tibor talab qiladigan jinoyat sifatida ajratib ko‘rsatgan. Nutqning ichki siyosiy qismida Xomanaiy xalqning birdamligini e’tirof etib, eronliklar mamlakat Oliy rahnamosiz qolgan kunlarda davlatni boshqarganini bildirgan.
Shundan ko‘pchilikda shubha uyg‘otgan Mujtabo Xomanaiyning yaralangani haqidagi xabarni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning o‘g‘li va maslahatchisi Yusuf Pezeshkiyon rad etishiga qaramasdan, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy tasdiqlagandi.
“Men, janob Mujtabo Xomanaiy jarohat olgani haqidagi xabarlarni eshitdim. Shundan so‘ng tanishlarim va yaqinlarim bilan bog‘lanib, vaziyatni so‘radim. Xudoga shukur, u sog‘lom, hech qanday muammo yo‘q”, deydi Yusuf Pezeshkiyon.
“U yaralangan, ammo ahvoli joyida. U o‘zining ilk nutqi bilan qachon chiqish qilishini bilmayman”, deydi Bag‘oiy.
Shundan so‘ng 13 mart kuni AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eronning yangi oliy rahnamosi jarohatlanganini, jarohatlanganda ham yuzi ko‘rib bo‘lmas darajada shikastlanganini aytgan. AQSH mudofaa vaziri gaplariga isbot sifatida Xomanaiyning xalqqa yo‘llagan ilk murojatini yozma ravishda ekanligiga ishora qilgan. Xegsetning fikricha, u jarohat olgan bo‘lishi mumkin va shu sababli ommadan yashirinib yurmoqda. Shuningdek, u hozirda Eron ichida ham real boshqaruv kimning qo‘lida ekani aniq emasligini ta’kidlagan.
“Eronda kameralar ham, ovoz yozish moslamalari ham yetarli. Nega endi faqat yozma bayonot? Menimcha, sababini o‘zingiz tushunib turibsiz. Otasi o‘lgan. Uning o‘zi qo‘rquvda, jarohatlangan, qochib yuribdi va qonuniy vakolatga ega emas. Xo‘sh, boshqaruv kimning qo‘lida? Buni, hatto Eronning o‘zi ham bilmasligi mumkin.”
Yangi rahnamo haqidagi ma’lumotlarga AQSH ham qiziqib, AQSH Davlat departamenti o‘zining Rewards for Justice dasturi orqali Eron Islom Respublikasi rahbariyati va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador yuqori martabali rasmiylar haqida ma’lumot bergan shaxsga 10 mln AQSH dollari, xalq tilida so‘mga chaqsak, qariyib 122 milliard so‘m pul mukofoti taklif qilgan. Korpusni AQSH 2019 yildan beri “terror tashkiloti” deb belgilagan. Mukofot takliflari shu yil davom etayotgan mintaqaviy keskinlik fonida e’lon qilingan. AQSH tomonidan berilgan rasmiy bayonotda aytilishicha, ma’lumot berish sharti – mazkur shaxslarning kimligini aniqlash, joyini bilish yoki ularga oid ishonchli axborot taqdim etishdan iborat.
Shundan so‘ng Eronga yaqin xalqaro nashrlarda Mujtabo Xomanaiy sog‘liq holati va xavfsizlik sababli rus harbiy samolyoti bilan sirli ravishda Moskvaga yetkazilgani ma’lum qilingan. Rossiya poytaxtida muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazilgan va uning Prezident majmualaridan biridagi xususiy klinikada davolanayotgani bildirilgan. Xomanaiy 28 fevraldagi Eronga qarshi birinchi zarbalar paytida jarohat olgan. Davolanishni mamlakat ichida davom ettirish qiyin bo‘lgani uchun uni Moskvaga olib kelish qarori qabul qilingan.
Bildirilishicha, avval Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatda Xomanaiyni Rossiyada davolashni tashkil etishni taklif qilgan. Eron rasmiylari bu taklifni ko‘rib chiqib ma’qullagan.
Internetda sizdirilgan audio yozuvda aytilishicha, Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroil zarbasidan so‘nggi daqiqalarda boqqa chiqqani sabab omon qolgan. 28 fevral kuni Tehrondagi qarorgohga raketa zarbalari berilgan paytda Mujtabo tashqariga chiqqan bo‘lgan. Hujum oqibatida uning otasi Ali Xomanaiy va bir qator yuqori lavozimli amaldorlar halok bo‘lgan. O‘sha paytda Mujtabo oyog‘idan jarohat olgan. Biroq, Eronning Moskvadagi elchisi yangi Oliy rahbar Mujtabo Xomanaiyning Rossiyada davolanishda ekanini inkor etishi yana uning tirikligi haqida shubhalar uyg‘otgan.
Live
Barchasi