Gershkovich bugun AQSHga qaytariladi – OAV
Olam
−
01 avgust 2024 7251 2 daqiqa
Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich bugun, 1 avgust kuni mahbuslar almashinuvi doirasida AQSHga qaytarilishi mumkin. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Nashrning Gershkovich faoliyat ko‘rsatgan WSJ gazetasiga tayanib ma’lum qilishicha, nashr o‘z xodimining ehtimoliy almashinuvi haqida ma’lumot olish ustida ish olib bormoqda. Biroq tahririyat qo‘shimcha ma’lumot keltirib o‘tmagan.
TASS nashrining yozishicha, AQSHdagi rossiyalik mahbuslar – Aleksandr Vinnik, Vladislav Klyushin, Vadim Konoenka va Maksim Marchenkoning qayerda qamoqqa olingani haqida ma’lumotlar Qo‘shma Shtatlar federal byurosining ommaviy elektron bazasidan yo‘qolgan. Shu bois, ular haqida ma’lumot to‘plash muammo tug‘dirmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per AQSH Prezidenti Jo Bayden davlat rahbari sifatidagi muddati tugaguniga qadar Rossiya bilan mahbuslar almashinuvi bo‘yicha ishlashga sodiq qolishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, WSJ muxbiri Moskvadagi Lefortovo sudi qarori bilan josuslik ishi bo‘yicha hibsga olingandi. Prokuratura unga 18 yil qamoq jazosini so‘ragandi. Gershkovich ham josuslik bo‘yicha jinoiy ishda aybini tan olishdan bosh tortgan. U Sovet davridan beri Rossiyada hibsga olingan birinchi G‘arb jurnalisti bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sverdlovsk viloyat sudi amerikalik “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovichni 16 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilgani haqida xabar berilgandi.
Zebo Turobjonova
Live
Barchasi