Germaniyada Gitlerning “Burgut uyasi” yonib, kul bo‘ldi (video)

Olam

−

image

Germaniyaning Bavariya Alp tog‘larida Adolf Gitler uchun qurilgan “Burgut uyasi” nomi bilan tanilgan tarixiy bino yong‘inda deyarli butunlay vayron bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in kecha, 23 oktyabr kuni Germaniyaning janubi-sharqidagi Berxtesgaden tumanida joylashgan binoda yuz bergan. Yong‘in signalizatsiyasi 23 oktyabr kuni taxminan soat 21:15 da ishga tushgan. Voqea joyiga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar dengiz sathidan 1834 metr balandlikda joylashgan binoga yaqinlashganida alangani ko‘rgan.

Hududning murakkab relefi sababli o‘t o‘chirish mashinalarini voqea joyiga olib borish qiyin bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bino va uning atrofidagi hududga faqat nafas olishni himoya qiluvchi maxsus vositalar bilan kirish mumkin bo‘lgan. Shu sababli yong‘inni o‘chirish ishlari murakkab kechgan.

Mahalliy turizm boshqarmasi dastlab binodagi ayrim qismlarni saqlab qolish mumkin yoki mumkin emasligi noma’lumligini bildirgan. Keyinchalik politsiya bino deyarli butunlay yonib ketganini ma’lum qilgan. O‘t o‘chiruvchilar bino ichidan hech kimni topmagan, rasmiylar hozircha hodisada hech kim jabrlanmagan deb hisoblamoqda.

Politsiya yong‘in boshlanganidan ko‘p o‘tmay tergovchilar e’tiboriga tushgan shaxs hibsga olinganini bildirgan. Biroq uning yong‘inni keltirib chiqarishga aloqasi bor-yo‘qligi hozircha aniqlanmagan.

Ma’lumot uchun, Kehlsteinhaus nomi bilan ham tanilgan “Burgut uyasi” 1938 yilda qurib bitkazilgan. Binoga tog‘ yo‘li orqali, so‘ng bir nechta tunnel va qoya ichida joylashgan lift yordamida yetib borish mumkin. Yo‘l oddiy transport vositalari uchun yopiq bo‘lib, undan sayyohlik avtobuslari foydalanadi.

Mazkur bino 1952 yildan buyon kafe va restoran sifatida faoliyat yuritib kelgan. Shuningdek, unda maskan tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham mavjud. Yong‘in sodir bo‘lishidan oldin bino 23 oktyabr kuni tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya poytaxti Parijda 1615 yilda tashkil etilgan tarixiy oziq-ovqat bozori kuchli yong‘in oqibatida butunlay vayron bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing