Germaniyada davlat to‘ntarishida gumon qilinganlar hibsga olindi
Olam
−
23 may 2023 6213 2 daqiqa
Kecha, 22 may kuni Germaniyada davlat to‘ntarishini rejalashtirgan va “terrorchi guruhda ishtirok etish”da gumon qilingan uch kishi hibsga olindi. Bu haqda bugun, 23 may kuni Germaniya Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.
Aytilishicha, 2022 yil 7 dekabrda davlat to‘ntarishiga urinish bostirilgan. Maxsus xizmatlar 50 dan ortiq gumonlanuvchidan 25 nafarini qo‘lga olgan. Operatsiya respublika tarixidagi eng yirik operatsiyalardan biriga bo‘lgan. Tintuvlar Germaniyaning 16 federal shtatlaridan 11 tasida, 130 dan ortiq uy va xonadonlarda o‘tkazilgan. Fitnachilarning tashkiloti katta va keng qamrovli bo‘lib chiqqan: uning tarkibiga knyazlik sulolalaridan birining merosxo‘ri, siyosatchilar, harbiylar va Mudofaa vazirligining maxsus kuchlari ham kirgan.
Hozirda tergov natijalariga ko‘ra, fitnachilarning rejalariga aloqador yana uch kishi aniqlangan. Ulardan biri Germaniya fuqarosi F.J.Iohanna bo‘lib, u davlat to‘ntarishi batafsil muhokama qilingan yopiq yig‘ilishlarida ishtirok etgan. Shuningdek, F.J.Iohanna Rossiya Federatsiyasi Bosh konsuli bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilgan va u bilan ikki marta uchrashgan.
Qolgan ikki yangi gumonlanuvchi – X.Xans-Ioaxim va V.Shteffen – Germaniya Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, guruhga yangi a’zolarni jalb qilgan va uning faoliyatini moliyalashtirgan. Ulardan biri 140 ming yevro xayriya qilgan.
Tergov fitnachilar guruhini “Reyx fuqarolari” deb ham ataladigan reyxsburgerlar deb tasniflaydi. Bu harakat Germaniyada o‘tgan asrning 80 yillarida paydo bo‘lgan, hozirda uning 23 mingga yaqin tarafdorlari bor. Ular Germaniya hududi 1937 yilda qanday bo‘lsa, hozir ham shunday bo‘lishi kerak deb hisoblaydi, amaldagi hukumatni tan olmaydi va mamlakat urushdan keyingi davrda bo‘lgani kabi ittifoqchilar tomonidan bosib olinganini da’vo qiladi. “Reyxsburgerlar” tez-tez harbiy rekonstruksiyalarni tashkil qiladi, yopiq yig‘ilishlar o‘tkazadi. Ular Germaniya hukumati tomonidan chiqarilgan hujjatlarni haqiqiy emas deb o‘ylaydi va o‘zlarining hujjatlarini chop etadi.
Uzoq vaqt davomida maxfiy xizmatlar harakat konstitutsiyaviy tuzumga xavf tug‘dirmaydi, deb hisoblardi, chunki u parchalangan va hech qanday tuzilishga ega emas edi. 2010 yillarning o‘rtalarida esa harakat radikallasha boshlangan.
Live
Barchasi