Germaniya Isroilga qurol sotish cheklovini bekor qildi
Olam
−
18 noyabr 1236 1 daqiqa
Germaniya hukumati Isroilga G‘azo sektorida foydalanishi mumkin bo‘lgan qurol yetkazib berish bo‘yicha taqiqni bekor qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilga mamlakat armiyasi G‘azo sektorida foydalanishi mumkin bo‘lgan qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan. Hukumat matbuot kotibi Stefan Korneliusning so‘zlariga ko‘ra, qaror joriy yilning 24 noyabr kuni kuchga kiradi.
“Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh so‘nggi haftalarda barqarorlashdi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati qurol yetkazib berish uchun har bir arizani ma’qullamaydi, lekin qurol eksportining har bir holatini alohida ko‘rib chiqishga qaytadi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Kornelius, shuningdek, Germaniya mintaqada mustahkam tinchlik o‘rnatish ustida ishlashda davom etishini va aholiga yordam berishini ta’kidlagan. Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Berlinning qurol-yarog‘ ta’minotiga nisbatan cheklovni bekor qilish qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
“Men boshqa hukumatlarni Germaniyadan o‘rnak olib, shunga o‘xshash qarorlar qabul qilishga chaqiraman”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 8 avgust kuni Germaniya G‘azo sektoridagi vaziyat sababli Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi