Germaniya fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi
Olam
−
13 aprel 2024 4027 2 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor o‘z fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi. Bu haqda vazirlikning X (sobiq Twitter)da tarqatilgan bayonotida so‘z borgan.
“Eron, Isroil va Falastin hududlariga sayohat qilish haqida hozirda ogohlantirish mavjud. Eron misolida ham mamlakatni tark etishga chaqiriq bor”, deyiladi X’dagi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi sahifasida.
Tegishli tavsiyalar Germaniya tashqi ishlar vazirligining maxsus sahifasida ham jamlangan. Ular oxirgi marta fevral oyining oxirida yangilangan.
Islom inqilobi posbonlari korpusining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi joriy yilning 1 aprel kuni Isroil havo kuchlarining Suriya poytaxtidagi Eron elchixonasi konsullik bo‘limiga bergan zarbasi oqibatida yetti nafar eronlik harbiy maslahatchi halok bo‘lganini e’lon qildi. Hujumda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki generali va yana besh zobiti qurbon bo‘ldi. Isroil hodisa uchun hech qanday rasmiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ayni vaqtda Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Xagari CNN telekanaliga bergan intervyusida Damashqdagi konsullik emas, Islom inqilobi posbonlari korpusi harbiy inshooti hujumga uchraganini aytdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari, CBS televideniyesi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 12 apreldayoq yuzdan ortiq dron va o‘nlab raketalar bilan Isroil harbiy nishonlariga hujum qilishi mumkin, deb hisoblaydi. Telekanal manbalariga ko‘ra, yahudiy davlati Damashqdagi Eron konsulligiga qilingan hujum uchun o‘ch olishdan o‘zini himoya qilishi qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, ular Tehron vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun kichikroq miqyosdagi hujum ehtimolini ko‘rib chiqishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 12 aprel kuni O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolarga ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatgan, shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldini olish uchun zaruratsiz yashab turgan joyni tark etmaslikni tavsiya qilgandi.
Live
Barchasi