Gentra’da “migalka” yoqib, yo‘lda qarama-qarshi yurganlar qamaldi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida Gentra’da “migalka” yoqib, yo‘lda qarama-qarshi yurganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 11 mart kuni tungi vaqtda 3 nafar haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yigit boshqa bir shaxsga tegishli, miltillovchi chiroqlar o‘rnatilgan, davlat raqam belgisi yechib olingan Gentra’da fuqarolarning hayotini xavf ostida qoldirgan holda “sayr qilgan”. Ular o‘tkazilgan surishtiruv davomida ushlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga olib borilgan.

Avtomobilni haydash huquqiga ega bo‘lmagan yoshlarga avtomashinasini boshqarish uchun bergan Samandar Rustam o‘g‘li Mirqodirov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan bo‘lsa, mazkur kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) muvofiq sud qarori bilan Temur Doniyor o‘g‘li Usmonovga bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarima, Muhammadamin Azamat o‘g‘li Toshmatov va Jamshidbek Asatulla o‘g‘li Salamullayevlarning har biriga nisbatan 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazo kecha, 14 aprel kunidan boshlab hisoblanishi belgilangan. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur shaxslarning jazo o‘tash jarayonidan suratlar tarqaldi.

“Biz qilgan ishimizdan afsusdamiz. Maslahatim bu ishni qilmanglar. Nima qilishlaringdan qat’iy nazar hamma narsa ko‘rinadi va hamma narsa bilinib, topilarkan”, deydi sudlanuvchilardan biri.

Yuqoridagi shaxslarning qonunbuzarliklaridan jabrlangan fuqarolardan yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 raqamiga murojaat qilish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida avtomobillarni “tyuning” qilish bilan shug‘ullanuvchi avtoservisi rahbari, bloger Asadbek Jumayev qoidabuzarligidan faxrlanishini aytib chiqqan edi. Keyinroq unga sud qarori bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing