Erondan qochish avjiga chiqdi
Tahlil
−
16 iyun 18068 4 daqiqa
Isroil va Eron urushida hech qanday chegara qolmadi. Ikki tomon o‘z raketalari va razvedka salohiyati bilan imkoni boricha qarshi tomonni yo‘q qilish harakatida. Keskinlikning oldini olishi mumkin bo‘lgan ba’zi xabarlar ham rad etilmoqda. Jumladan, xorijiy OAV AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning ko‘plab harbiy mulozimlari va yadroviy olimlarini yo‘q qilib kelayotgan Isroilga Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirishga ruxsat bermagani haqida xabar bera boshlagandi. Biroq keyinchalik Netanyaxuning o‘zi bu xabarlarni rad qilib, Isroil nimani lozim topsa, ularning barchasini amalga oshirishini ma’lum qildi.
15 iyun kuni esa Isroil Eronga yana havo hujumlarini uyushtirdi. Havodan berilgan zarbalar Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi, Harbiy havo kuchlari shtab-kvartirasi, Razvedka vazirligi, Adliya vazirligi, Neft vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, parlament binosi, Tehron politsiyasining bosh qarorgohi, fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlari, xususan, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qaratildi. Isroil havo zarbasidan so‘ng Tehrondagi ko‘p qavatli binolardan biri qulab tushdi. Shahar ko‘chalarini suv bosdi. Maxsus xizmat boshlig‘i Muhammad Kozimiy va uning o‘rinbosari xarobalar ostida qolgani aytildi. Bir zumda yana besh nafar yadroviy olim “Mossad”ning avtomobillarni minalashtirish operatsiyasi davomida yo‘q qilingani haqida xabarlar tarqadi. Biroz o‘tib esa eronliklar Tehronni ommaviy tark etayotgani ma’lum bo‘ldi.
Oradan ko‘p o‘tmay zarba yo‘llash navbati Eronga yetib keldi. Isroilning bir nechta shaharlari nishonga olindi. Hayfa, Tel-Aviv va Bney-Brak hududlariga zarbalar yo‘llandi. Hayfadagi neftni qayta ishlash zavodi, “Gezer” elektrostansiyasi Eron raketalari nishonida bo‘ldi. Ben Gurion aeroportiga ham zarba yo‘llangani aytildi. Eron raketalari Tel-Avivni ham, Hayfani ham yong‘inlar ichida qoldirdi. Eron raketalari Isroilning bir qancha shaharlariga zarar yetkazdi. Hatto Netanyaxuning uyiga ham raketa hujumi uyushtirildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, Eron uning yotoqxonasi oynasini raketa bilan nishonga olgan, ammo amaliyot muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Ushbu hujumda Eronning Yamandagi proksi kuchlari bo‘lgan husiylar ham qatnashgan. Isroilga zarba berishda Erondan ham ko‘proq tajribaga ega bo‘lgan Yaman husiylarining ushbu qasos amaliyotida qatnashishi yahudiy davlatidagi alangalarni kuchaytirdi. Shunday qilib, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 iyun kuni tunda Isroilga uyushtirilgan Eronning javob hujumida kamida 67 kishi jarohatlanib, 4 kishi halok bo‘ldi.
Ojiz tomonlar oshkor bo‘lmoqda
13 iyundan buyon davom etayotgan urushning har kunida yangicha burilishlar yuz bermoqda. Xususan, Isroil Eron sharqidagi Mashhad aeroportiga zarba berganini e’lon qildi. Qizig‘i, bu nuqta Isroildan 2300 kilometr uzoqlikda joylashgan va zarba nishoni yonilg‘i quyish samolyoti bo‘lgan. SAXAL bu Isroil harbiylari tomonidan Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlanganidan beri yo‘llangan eng uzoq zarba ekanini qayd etdi. Xaritaga nazar tashlansa, Mashhad Turkmaniston va Afg‘oniston chegarasi yaqinida joylashganini ko‘rish mumkin.
O‘z o‘rnida Eron ham Isroil havo mudofaa tizimining “tomiriga tushib oldi”. Forslarning raketalari butun dunyoga o‘zining deyarli bexato ishlashi bilan tanilgan “Temir gumbaz”ni xato qilishga majburlamoqda. So‘nggi uch kechada “Temir gumbaz” ancha zaiflashdi. Bu ko‘p ehtimol uning yopirilma zarbalarga bardosh bera olmasligi bilan bog‘liq. Tarmoqlarda tarqalgan tasvirlar Isroil havo mudofaa tizimi Eronning aksar zarbalari qarshisida ojiz qolayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Eronning javob zarbalari orasida misli ko‘rilmagan tezlikdagi raketa ham ko‘zga tashlanadi. U juda katta tezlikda nishonga kelib urilgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa Isroilga qarshi yangi raketa zarbalari to‘lqini davomida “yangi usullar” qo‘llab, hatto Isroil havo mudofaa tizimlarini bir-biriga hujum qilishga majbur qilganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonliklar Erondan olib chiqildi
Havo hujumlari fonida Erondan olti nafar Qozog‘iston fuqarosi Ozarbayjonning Astara chegara-bojxona punktiga evakuatsiya qilindi. Dastlab uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgan bu chegara nega aynan hozir ochilgani haqida ko‘plab shubhalar urchidi. Jumladan, ko‘pchilik bu chegara-punkti Eronda maxfiy operatsiya o‘tkazgan “Mossad” agentlarining Ozarbayjon orqali qochishini ta’minlash uchun ochilgani haqida taxminlar paydo bo‘lgandi. Ammo ko‘p o‘tmay, keyinchalik xuddi shu chegara punktidan bir guruh Qirg‘iziston fuqarolari ham Erondan Ozarbayjonga olib o‘tildi. Keskinlik haddan ziyod oshgan mahal O‘zbekiston ham Erondan o‘z fuqarolarini olib chiqdi. TIV 16 iyun holatiga ko‘ra, 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Eron hududidan Turkmaniston va Ozarbayjon orqali muvaffaqiyatli evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi. Vazirlik mazkur jarayonda Turkmaniston, Ozarbayjon va Eronga chuqur minnatdorlik bildirib, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilayotgani, Eron va Isroildagi O‘zbekiston elchixonalari 24/7 rejimida faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Turkmaniston TIV bugungi kunga qadar nazorat-o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlar fuqarolaridan iborat taxminan 120 kishi Erondan olib chiqilganini e’lon qildi. Ularga avtotransport, ovqat, mehmonxona xizmati va zarur birinchi ehtiyoj vositalari taqdim etilgan. Shu o‘rinda AQSH elchixonasi ham o‘z fuqarolarini Ozarbayjon chegarasi orqali Eronni tark etishga chaqirib kelmoqda.
Live
Barchasi